Telefon: +998 66 666-56-30

BRUTSELLYOZ LABORATORIYASI

VITI Brutsellyoz laboratoriyasining ilmiy – tadqiqot faoliyati tarixi

A.D.Ulug‘muradov laboratoriya mudiri v.f.f.d. (PhD), katta ilmiy xodim

        Brutsellyoz kasalligini o‘rganish laboratoriyasi 1952 yil tashkil etilgan bo‘lsada, ungacha qishloq xo‘jalik hayvonlarining brutsellyoz kasalligi institutning epizootologiya bo‘limida professor I.A.Dukalov rahbarligida 1926 yildan buyon o‘rganilib kelingan.

O‘tgan davr mobaynida laboratoriyaga E.G.Mamasashvili, N.V.Safronov, K.D.Darvishev, M.S.Abidjanov, S.A.Nazarova, V.K.Grinko, R.G.Yaraev, H.A.Hamdamov, M.A.Ruzimurodov, O‘.Q.Sattorovlar rahbarlik qilishgan. 2022 yildan boshlab laboratoriyaga veterinariya fanlari falsafa doktori, katta ilmiy xodim A.D.Ulug‘muradov rahbarlik qilib kelmoqda.

Laboratoriya tashkil topgandan so‘ng qorako‘l qo‘ylarining brutsellyoz kasalligi o‘rganildi va alohida ajratilib boqiladigan xo‘jaliklardagi brutsellyoz bilan kasallangan qo‘ylarning sog‘ayishi isbotlandi hamda ularning immunobiologik reaksiyalarining davomiylik muddatlari aniqlandi (N.V.Safronov).

Qo‘ylarning brutsellyoz kasalligi diagnostikasida brusellizat va brusellogidrolizatning faolligi qiyoslab o‘rganildi (N.V.Safronov, I.M.Reshetnikov).

Brucella abortus №19 shtammidan tayyorlangan vaksinaning qo‘ylarda immunitet hosil qilish samarasi, uslubi va dozasi, hamda emlangandan so‘ng reaksiyalarining davomiylik davri aniqlandi (N.V.Safronov, N.N.Novaev).

Mis va «A» vitaminining hayvonlar brutsellyozining kechishiga ta’sirni tajribada va ishlab chiqarishda sinovdan o‘tkazildi. Mis tanqisligi seziladigan zonalarda tabiiy sharoitda brutsellyozni kechishi o‘rganildi. Shunday qilib, organizmda mis mikroelementi va «A» vitaminining taqchilligi uning tabiiy qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini susaytirishi hamda kasallikka moyilligini kuchaytirishi aniqlandi (V.K.Grinko).

Qoramollar brutsellyoziga qarshi №19 va 68 shtammidan tayyorlangan emlamalarning samarasini o‘rganish bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazildi. (E.G.Mamasashvili, N.V.Safronov, I.N.Nevskiy, I.M.Reshetnikov) Ko‘p yillik tajribalar shuni ko‘rsatdiki, qoramollarda B.abortus 19 shtammidan tayyorlangan emlama to‘liq dozada qattiq nazorat ostida o‘tkazilgandagina kutilgan natijalarni beradi. Ammo, katta yoshdagi emlangan hayvonlarda agglyutin va boshqa antitelolarning uzoq vaqt saqlanishi podaning sog‘lomligini to‘g‘ri baholashga imkon bermaydi. Ana shunday imkoniyatning bo‘lmasligi katta yoshdagi mollarga shtamm 19 emlamasini qo‘llashda asosiy salbiy holatni yuzaga keltiradi va uni qo‘llashga to‘sqinlik qiladi.

Yuqorida ko‘rsatilgan kamchiliklarni yo‘qotish maqsadida qator mamlakatlarda, jumladan O‘zbekistonda ham sigirlarni kichik dozada (to‘liq dozaning 1/25 qismi) emlash uslubi ishlab chiqildi. Buzoqlar 3-6 oyligida serologik tekshirilib, sog‘lari birinchi marta to‘liq dozada emlanadi, 18-20 kundan keyin immunitet titri tekshiriladi va tolerantlari ajratib olinadi. 10-12 oydan so‘ng yana brutsellyozga serologik tekshirilib, sog‘lomlari kichik dozada qayta emlanadi (reimmunizatsiya). Keyinchalik har 15-18 oyda serologik tekshirilib, reimmunizatsiya qilinadi.

Yo‘naltirilgan o‘zgaruvchanlik uslublariga muvofiq I.N.Nevskiy tomonidan brutsellyozni virulent shtammidan yangi agglyutinogensiz hamda immunogen xususiyatga ega bo‘lgan shtamm yaratildi. Bu shtammga B.melitensis Nevskiy-12 deb nom qo‘yildi. Shu shtammdan tayyorlangan brutsellyozga qarshi emlama tajribada va amaliyotda tekshirilganda shtamm №19 emlamasidan immunogenlikda qolishmasligini ko‘rsatdi (I.N.Nevskiy, N.V.Safronov, M.S.Abidjanov).

Maqsadli yo‘naltirilgan seleksiya ishlariga asosan Moskva VGNKI mutaxassislari bilan birga O‘zVITIda Nevskiy-12 vaksina shtammidan  yangi muqim (stabil), past agglyutinogen B.melitensis “Nevskiy-13” vaksina shtammi yaratildi (R.G. Yaraev, K.V.Shumilov, V.K.Grinko va boshkalar).

Ko‘p yillik tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, B.melitensis “Nevskiy-13” shtammi mustaqil morfologik va bioximik xususiyatli muqim kultura ekanligi aniqlandi.

              B.melitensis “Nevskiy-13” vaksina shtammidan 2 xil emlama tayyorlash texnologiyasi ishlab chiqildi:

  1. Kuchsiz agglyutinogen B.melitensis “Nevskiy-13” shtammidan tayyorlangan brutsellyozga qarshi tirik emlama. Patent № 2026081, 9 yanvar 1995 yil. Mualliflar: Yaraev R.G., Shumilov K.V., Shevchenko N.V.,Grinko V.K., Ibodullaev F.I. va boshqalar.

2)  Kuchsiz agglyutinogen B.melitensis “Nevskiy-13” shtammidan inaktivatsiya qilib tayyorlangan ad’yuvant emlama.       Patent № 2026343 ,  9yanvar  1995 yil.Mualliflar: Shumilov K.V., Yaraev R.G., Klimanov A.I., Grinko V.K., Nazarova S.A. va boshqalar.

Bu emlama Rossiyada davlatlararo komission sinovidan ijobiy natija bilan o‘tdi (Barnaul shahri, 31 iyul 1992 yil). Laboratoriya sharoitida va amaliyotda sinovdan o‘tkazilganda ma’lum bo‘ldiki, B.melitensis “Nevskiy-13” shtammidan tayyorlangan emlama brutsellyozni oldini olishda va hatto turg‘un nosog‘lom bo‘lgan xo‘jaliklarni ham qisqa muddatda sog‘lomlashtirishda katta samara beradi. 

           Laboratoriyaning ko‘p yillik ilmiy izlanishlari, ishlab chiqarishdan yig‘ilgan tajriba va dunyoning ilg‘or chorvachilik mamlakatlarining ma’lumotlariga asoslanib laboratoriya xodimlari tomonidan “Hayvonlar brutsellyoz kasalligining oldini olish va bartaraf qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan chora-tadbirlar Tizimi”, hamda “Hayvonlar brutsellyoz kasalligining diagnostikasi bo‘yicha ilmiy asoslangan Tizimi” tayyorlanib, veterinariya amaliyotidagi faoliyat olib boradigan mutaxassislar bilan keng davrada muhokama qilindi va O‘zRDVChRQ tomonidan tasdiqlandi (X.A.Hamdamov, R.G.Yaraev, X.S.Salimov, R.A.Ismatova, B.X.Quvatov va boshq.).

Bugungi kunda laboratoriyaning yo‘nalishi hayvonlarda brutsellyoz kasalligining epizootologiyasini o‘rganish, kasallikning diagnostika va maxsus profilaktikasi uchun diagnostikumlar, jumladan, serodiagnostika usullarini takomillashtirish va ishlab chiqarishdan iborat va laboratoriyada quyidagi tadqiqotlar olib boriladi:

1.      Respublika hududlariga xavfli yuqumli brutsellyoz kasalligining kirib kelishi va tarqalishini oldini olishda, brutsellyoz bo‘yicha endemik hududlarning veterinariya-sanitariya muhofazasi bo‘yicha nazorat olib borishda ishtirok etish, tegishli tartibda monitoring olib borish;

2.      Respublikada qo‘llanilayotgan immunobiologik preparatlarni texnologiyasini mahalliy shtammlar asosida takomillashtirish va yangi samarali biotexnologiyalarni o‘rganish va o‘zlashtirish;

3.      Brutsellyoz kasalligi diagnostikasi hamda oldini olishda qo‘llanilayotgan immunobiologik preparatlarning samaradorligini o‘rganish bo‘yicha maxsus tadqiqotlarni amalga oshirish;

4.      Brutsellyoz kasalligi diagnostikasi va oldini olishga qaratilgan bioprepreparatlar ishlab chiqarish, kasallikni olishda yuzaga kelgan muammolarni aniqlab, zamonaviy innovatsion, samarali usullarni ishlab chiqish va bu maqsadda zarur bo‘ladigan preparatlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash;

5.      Dunyo tajribasida brutsellyoz kasalligida qo‘llanilayotgan yuqori samarali test-sistemalar, diagnostikumlar va boshqa biologik preparatlarni mahalliy sharoitda ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yishning texnologik va ilmiy asoslarini ishlab chiqishdan iborat.

Laboratoriyaning nazariy yutuqlari:

Ilk bor:

1. Epidemiologik monitoringni amalga oshirishda XEB va JSST tomonidan tavsiya etilgan va dunyoning ko‘plab mamlakatlarida muvaffaqiyatli qo‘llanilib kelinayotgan SAPCB – brutsellyozga qarshi kurashning progressiv usullari va STEB – brutsellyozni tugatishning bosqichma-bosqich vositalari muvaffaqiyatli qo‘llanildi.

2. O‘zbekistonda deponizatsiya qilingan B.abortus 104MUz, 19Uz va B.melitensis Rev-1Uz shtammlaridan mahalliy diagnostikum va vaksinalar ishlab chiqarish bo‘yicha Vaqtinchalik texnologik yo‘riqnoma hamda, ishlab chiqarish texnologiyasi ishlab chiqildi.

3. Hayvonlar brutsellyozi uchun diagnostikumlar va qarshi vaksinalar ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan B.abortus 104MUz, 19Uz va B.melitensis Rev-1Uz ishlab chiqarish shtammlarining asosiy pasport xarakteristikalari ishlab chiqildi.

4. Brutsellyoz laboratoriyasi mikroorganizmlar kolleksiyasida saqlanayotgan B.abortus turining 10 ta va B.melitensis turining 10 ta kulturasi o‘rganilib, ularning barchasi 1-biotipga tegishli ekanligi aniqlandi.

5. Brusellalarning biologik xususiyatlarini o‘rganish va seleksiyalash natijasida mahalliy epizootik, vaksina va referens shtammlarning biotipik mansubligini aniqlash asosida antigen va allergenlar tayyorlash uchun zarur bo‘lgan brusella shtammlarini tanlash va tavsiflash imkoni yaratildi.

6. Standartlashtirilgan va bir xil faollikka ega bo‘lgan V.abortus 104M Uz, 2017/1 va B.melitensis Rev-1 Uz va №9 shtammlaridan tayyorlangan AR, KBR va KUBR uchun yagona brutsellyoz antigenlari yirik donador agglyutinat hosil qilishi aniqlandi.

7. V.abortus 104M Uz va B.melitensis Rev-1 Uz shtammlaridan tayyorlangan antigenlar V.abortus 2017/1 va B.melitensis №9 epizootik shtammlaridan tayyorlangan antigenlarga nisbatan yaxshi o‘sish xususiyatlariga ega ekanligi, brusella hujayralari sonining 1,2-1,5 marta ko‘p bo‘lishi va vaksina shtammlari yuqori darajada bakterial massa berishi aniqlandi.

8. Mamlakatimizda qo‘llanilayotgan avirulent V.abortus 104M Uz shtammidan tayyorlangan AR, KBR va KUBR uchun yagona brutsellyoz antigenining faolligi va maxsusligi xorijiy virulent V.abortus №99 shtammidan tayyorlangan diagnostikumdan qolishmasligi aniqlandi.

9. Allergen ishlab chiqarishda brusellalarning epizootik virulent shtammlariga nisbatan vaksina shtammlaridan tayyorlangan allergenlarni qo‘llashning afzalligi aniqlandi.

Laboratoriyaning amaliy yutuqlari:

  1. “Hayvonlar brutsellyozi diagnostikasi uchun Pushti bengal sinamasi (RBT)”
  2. “AR, KBR va KUBR uchun yagona brutsellyoz antigeni”
  3. “Sutda Xalqa reaksiyasi (XR) uchun rangli brutsellyoz antigeni”
  4. “Brutsellyoz diagnostikasi uchun diagnostik pozitiv – P/s va negativ – N/s qon zardoblari”
  5. “UNIGEN” MChJ QK bilan hamkorlikda “Brusellez IgG-IFA” to‘plamlari ishlab chiqarilib, amaliyotga joriy etildi.
  6. Laboratoriya tomonidan oxirgi 5 yilda jami ishlab chiqarilgan mahsulotlar summasi 1,9 mlrd.so‘mni tashkil qildi va bu tadbirlar davom ettirilmoqda.

KEYINGI 15 YILDA LABORATORIYANING ILMIY  VA INTELEKTUAL MAHSULOTLARI

  1. PATENTLAR SONI -11
  2. TEXNOLOGIK MAHSULOT – 7
  3. MONOGRAFIYa, KITOB VA DARSLIKLAR– 5
  4. MAQOLALAR SONI – 351
  5. DOKTORLIK DISSERTATSIYaSI HIMOYaSI – 2
  6. NOMZODLIK DISSERTATSIYaSI HIMOYaSI – 5

KEYINGI 15 YILDA BRUTSELLYOZ KASALLIGI BO‘YICHA ILMIY TEXNIK KENGASHDA TASDIQLANGAN ILMIY –TEXNIK  HUJJATLAR:

FAN YaNGILIKLARINI RADIO, TELEVIDENIE. GAZETA JURNAL VA SEMINARLARDA HAR YILI TARG‘IBOT ETISh – 15 TA

BIOPREPARAT  I.Ch. BO‘YIChA QO‘LLANMA  – 10 TA

TEXNIK ShARTLAR –  TAShKILOT STANDARTI –10 TA

BIOPREPARATNI QO‘LLASh BO‘YIChA  YO‘RIQNOMALAR –10 TA

Brutsellyoz DIAGNOSTIKASI VA PROFILAKTIKASI BO‘YIChA TAVSIYaNOMALAR –15 TA

Brutsellyoz DIAGNOSTIKASI VA PROFILAKTIKASI BO‘YIChA TIZIMLAR  – 2 TA

KASALLIKNI DIAGNOSTIKASI BO‘YIChA KO‘RSATMA- 3 TA

KASALLIK QO‘ZG‘ATUVChISI PASPORTLARI – 6 TA