IMMUNOLOGIYA VA BIOTEXNOLOGIYA LABORATORIYASI

Laboratoriya mudiri
Salimov Ilxom Xaitovich
Veterinariya fanlari doktori
Laboratoriya 1983 yilda Protozoologiya laboratoriyasi tarkibidan veterinariya fanlari nomzodi B.A.Karimov boshchiligida Protozoologiya laboratoriyasining Sektori bo‘lib ajralib chiqgan va o‘z faoliyatini boshlagan. 1989 yilga kelib ushbu sektorga Bioximiya hamda Pushtsizlik laboratoriyalari qo‘shilib, Immunologiya va biotexnologiya laboratoriyasi tashkil etilgan.
Laboratoriyada B.A.Karimov boshchiligida veterinariya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodimlar A.G‘.G‘afurov, M.Salimova, O.Sh.Rasulov, A.T.Raximov, kichik ilmiy xodimlar Yu.Samarodov, O.Qarshieva, Yu.Tugizov, R.U.Abdullaeva va laborantlar M.Niyazova, R.P.G‘afurovalar ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishgan.
Laboratoriya xodimlari qoramollarning Piroplazmidozlariga qarshi davolovchi va profilaktik preparatlar ishlab chiqarish sohasida faoliyatini boshlashgan.
Keyinchalik 1993 yilda laboratoriyaga I.X.Salimov, X.A.Xamdamov, S.I.Mavlanov, J.X.Qurbonovlar ishga qabul qilingan va o‘sha vaqtda laboratoriyada buzoqlarning Infeksion rinotraxeit, Paragripp-3, Virusli diareya, Korona-, Rotavirus va boshqa yosh mollarning virus kasalliklarini diagnostikasi, davolash, oldini olish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilgan.
Laboratoriyada birlamchi tripsinlangan va uzluksiz chirmashib o‘suvchi hujayralar kulturalari (PEK-sigir embrioni buyragi, LEK-sigir embrioni upkasi, TEK-sigir embrioni moyagi, SPEV-versenlangan cho‘chqa embrioni buyragi, TR-sigir kekirdagi, PEO-eshak embrioni buyragi, TEO-eshak embrioni moyagi) o‘stirilgan va ularda yuqorida nomlari qayd qilingan kasalliklarni viruslari ko‘paytirilib, ushbu kasalliklarga tashxis qo‘yish uchun antigen tayyorlangan.
1994 yilda I.X.Salimov tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida buzoqlarning virusli kasalliklari epizootologiyasi va ularga qarshi kurashish choralari” mavzusida nomzodlik dissertasiyasi himoya qilingan bo’lib, unda har tomonlama tekshirishlar natijasida ilk bor bir qator xo‘jaliklarning sut-tovar fermalarida yosh buzoqlar orasida virusli kasalliklardan Infeksion rinotraxeit, Paragripp-3, Virusli diareya, Rota- va Koronavirusli enteritlar uchrashi aniqlangan. Olti oylikgacha yoshdagi buzoqlar orasida infeksion rinotraxeit (IRT) bilan kasallanish 57,3 foizni; paragripp-3 (PG-3) -3,9 foizni; virusli diareya (VD) -9,7 foizni; rota-, koronavirusli enteritlar esa mos ravishda 33,0 % va 9,3 foizni tashkil qilishi aniqlangan.
Ushbu kasalliklarda sigirlar asosiy virustashuvchi ekanligi isbotlangan.
IRT, PG-3, VD, rota-, koronavirusli enterit kasalliklarida virusning etiologik roli, juft qon zardoblarini immunologik tekshirish, immunofluoressensiya reaksiyasida virusli antigen topish va birlamchi tripsinlangan xujayralar to‘qimasida virusni ajratish yo‘llari bilan isbotlangan.
Ilk bor Respublikamizda Rota- va koronavirusli enteritlarga qarshi Fransiyada ishlab chiqarilgan “Koroniffa” vaksinasi qo‘llanilgan va ijobiy samara olingan, shu bilan bir vaqtda IRT, PG-3 va kolisalmonellyozga qarshi yuqori immunli qon zardobi tayyorlash va olish texnologiyasi yaratildi hamda ushbu kasalliklarni davolash va oldini olishda yuqori samarador biologik preparat ekanligi aniqlandi. 10 % li baytril, yodinol, etoniy bilan furozolidon aralashmasini infeksion oshqozon ichak kasalliklarini davolashda, yodinol, ampitsillin va gentamitsinlarni nafas olish a’zolari kasalliklarini aerozol usulida davolash yuqori samarali ekanligi isbotlangan.
1999 yilda laboratoriyaga I.X.Salimov mudir etib tayinlandi va laboratoriya tematikasi hayvonlarning anaerob infeksiyalari epizootologiyasi, profilaktikasi va qarshi kurashish muammolarini organishga qaratildi.
2000 yildan 2008 yilga qadar qoramollarining qorason, kasalligini diagnostikasi, davolash va oldini olish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilgan va kasallikning 12 ta mahalliy epizootik shtammlari ajratilgan. Ushbu shtammlarning kultural-morfologik, fiziko-kimyoviy va biologik xususiyatlari o‘rganilgan.
2007 yilda qoramollarning qorason kasalligining mahalliyT-04 shtammidan «Qoramol va qo‘ylarning qorason kasalligiga qarshi quyuqlashtirilgan GOA formol vaksina» yaratilgan. Ushbu vaksinaning barcha sifat ko‘rsatkichlari aniqlanib, uning ilmiy texnik xujjatlari tasdiqlangan, va 2012 yilda “O‘zstandart” agentligi Samarqand standartlashtirish va meteriologiya boshqarmasi tomonidan ro‘yxatga olingan.
2009 yilda ushbu «Qoramollarning qorason kasalligiga qarshi vaksina tayyorlash uchun Clostridium chauvoei T-04 shtammi» ga O‘zbekiston Respublikasi intelektual mulk agentligi tomonidan № IAP 04045 raqamli ixtiroga patentolingan.
2012 yilda esa «Qoramol va qo‘ylarning qorason kasalligiga qarshi quyuqlashtirilgan GOA formol vaksina» ning o‘ziga ham O‘zbekiston Respublikasi intelektual mulk agentligi tomonidan № IAP 04609 raqamli ixtiroga patentolingan.
2014 yilda “Qo‘ylarning bradzot kasalligiga qarshi vaksina tayyorlash uchun Clostridium oedematiens Q-10 shtammi” ga ham O‘zbekiston Respublikasi intelektual mulk agentligi tomonidan № IAP 04857 raqamli ixtiroga patentolingan.
2009 yildan shu kungacha qo‘ylarning bradzot, enterotoksemiya, infeksion nekrotik gepatit kasalliklarini diagnostikasi, davolash va oldini olish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda hamda qo‘ylarning bradzot kasalligining 8 ta mahalliy epizootik shtammlari ajratilib, ularning kultural-morfologik, fiziko-kimyoviy va biologik xususiyatlari o‘rganilgan.
Laboratoriyada Sh.Hakimov tomonidan ilk bor Respublikamizning Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida qo‘ylarning infeksion nekrotik gepatit kasalligini epizootik holati aniqlanib, C.novyi ning yuqori patogen shtammi mavjudligi isbotlangan, kasallikning kechishi, klinik belgilari va patologoanatomik o‘zgarishlari aniqlangan va ularga asoslanib, kasallikka birlamchi tashxis qo‘yish va o‘xshash kasalliklardan farqlash yo‘lga qo‘yilgan.
Qo‘ylarning infeksion nekrotik gepatit kasalligining 8 ta mahalliy epizootik shtammlari ajratilgan va ularning kultural-morfologik, fiziko-biokimyoviy va biologik xususiyatlari aniqlanib, ulardan “Qo‘ylarning infeksion nekrotik gepatit kasalligiga qarshi quyuqlashtirilgan GOA formol vaksina” tajriba seriyasini tayyorlangan, uning immunogenligini laboratoriya sharoitida dengiz cho‘chqachalarida sinovdan o‘tkazilgan va yuqori immunogenligi aniqlangan.
Hozirgi kunda laboratoriya ilmiy tadqiqot ishlarida katta ilmiy xodim Sh.Hakimov, kichik ilmiy xodim D.I.Salimova, tayanch doktorantlar J.S.Nurgalieva, I.A.Xazratqulovlar, mustaqil tadqiqotchilar O.Qilichev, N.Ergashev va laborant N.Qurbonovlar faoliyat olib borishmoqda.
Laboratoriya xodimlari tomonidan Clostridium oedematiens Q-10 shtammidan “Qo‘ylarning bradzot kasalligiga qarshi GOA formol vaksina” ning tajriba seriyasi hamda Clostridium novyi J-22 shtammidan “Qo‘ylarning infeksion nekrotik gepatit kasalligiga qarshi GOA formol vaksina” ning tajriba seriyasi yaratildi va ushbu vaksinalarning immunogenligini oshirish va optimal dozasini aniqlash bo‘yicha tajribalar davom ettirilmoqda.
Laboratoriya xodimlari tomonidan ikkita nomzodlik dissertatsiyasib bitta veterinariya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va 1 ta doktorlik dissertatsiyasi (DSc) himoya qilingan bo‘lib, hozirgi vaqtda mustaqil izlanuvchi va tayanch doktorantlarning ikkita ta doktorlik dissertatsiyasiga (DSc) va to‘rtta veterinariya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Laboratoriya xodimlari hammuallifligida “Veterinariya mikrobiologiyasi, virusologiyasi, epizootologiyasiga oid izohli lug‘at va ma’lumotnoma” nomli atamalar, va “Epizootologiya va infeksion kasalliklar” nomli darslik, “Epizootologiya va infeksion kasalliklar” nomli o‘quv qo‘llanma, O’R IIV Jamoat hafsizligi depertamenti Jamoat tartibini saqlash xizmati Karantin tadbirlarini ta’minlash bo’limi va guruhlari xodimlarining malakasini oshirish kurslari uchun uslubiy qo’llanma, 5 ta avtorlik guvohnoma, 4 ta patent, 10 dan ortiq uslubiy tavsiyanoma va 600 dan ortiq ilmiy maqolalar o‘zbek, rus va ingliz tillarida nufuzli nashrlarda chop etilgan.



