Telefon: +998 66 666-56-30

MIKROBIOLOGIYA LABORATORIYASI

MIKROBIOLOGIYA LABORATORIYASI

Mikrobiologiya laboratoriyasining ilmiy faoliyati 1924 yilda infeksion kasalliklarning epizootik holatini o‘rganishdan boshlangan. Professor G.A.Obolduev boshchiligida 1924-1934 yillarda qishloq xo‘jalik hayvonlarining infeksion kasalliklariga tashxis qo‘yish va oldini olish bo‘yicha katta ilmiy tadqiqot ishlari olib borilgan. Ushbu yillarda bir qator preparatlar (kuydirgi kasalligiga qarshi vaksina va qon zardobi, qorason kasalligiga qarshi formol vaksina, brusellyoz antigeni va boshq.) tayyorlangan. Institutda 1934 yil Epizootologik bo‘lim tashkil etilib, unda Respublikada infeksion kasalliklar patologiyasini o‘rganish bo‘yicha reja tuzilgan. Bo‘lim mudiri professor I.D.Dukalov boshchiligida qorako‘l qo‘y va qo‘zilar, buzoqlar hamda tuya bolalari kasalliklarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Shu davrda ilk bor echkilarning yuqumli plevropnevmoniya kasalligining etiologiyasi o‘rganilgan. 1937 yil G.A.Obolduev tomonidan birinchi marta O‘zbekistonda tumanlarining epizootik kartasi ishlab chiqilgan.

Epizootologik bo‘limni 1935-1938 yillarda A.A.Volkova, 1938-1941 yillarda Z.G.Sovetskiy, 1941-1948 yillarda I.N.Nevskiy, 1948-1950 yillarda K.A.Arifdjanov, 1950-1955 yillarda S.I.Voinov boshqargan. 1955 yilda bo‘lim boshlig‘i qilib F.E.Smirnovlar tayinlangan, 1959-1961 yillarda F.D.Lukashenko, 1961-1967 yillarda A.K.Sitdiqov ushbu bo‘limni boshqargan, 1967 yildan so‘ng Epizootologik bo‘lim Yosh mollar kasalliklarini o‘rganish laboratoriyasi deb o‘zgartiriladi va uni 1992 yilgacha veterinariya fanlari doktori, professor I.D.Burluskiy boshqargan. 1992-1997 yillarda A.A.Abdusattarov, 1997-1998 yillarda E.E.Yaparov, 1998-2002 yilgacha J.M.Parmanov, 2002-2019 yilgacha B.A.Elmurodov, 2019 yildan hozirgi kungacha N.I.Navruzov faoliyat yuritmoqda.

Laboratoriyaning ilmiy tadqiqot faoliyati yosh mollarning infeksion kasalliklariga tashxis qo‘yish, davolash, oldini olish va qarshi kurash chora-tadbirlarini ishlab chiqishga qaratilgan. Shu maqsadda cho‘chqalarning infeksion atrofik rinit, buzoqlarning trixofitiya, dispepsiya kasalliklarini, buzoq, qo‘y va qo‘zilarning kolibakterioz, salmonellyoz, pasterellyoz, diplokokkoz kasalliklarining etiologiyasi, diagnostikasi va oldini olish chora-tadbirlari to‘liq o‘rganilgan. Shu asosda, qo‘zilarning kolibakterioz kasalligiga qarshi vaksina, buzoq, qo‘y va cho‘chqa bolalarining kolibakterioz va salmonellyoz kasalliklariga qarshi GOA formol vaksina, buzoq, qo‘y va cho‘chqa bolalarining kolibakterioz, salmonellyoz va pasterellyoz kasalliklarini oldini olish va davolash uchun giperimmun qon zardobi, shuningdek qo‘ylarning pasterellyoz kasalligiga qarshi GOA formol vaksina, buzoqlarning pasterellyoziga qarshi vaksina, buzoq, qo‘y va cho‘chqa bolalarining kolibakterioz va salmonellyozlariga qarshi GOA formol vaksina, qishloq xo‘jalik hayvonlarining pasterellyoz, salmonellyoz va kolibakterioz kasalliklariga qarshi polivalent GOA formol vaksina, qo‘y va qo‘zilarni diplokokkoziga qarshi GOA formol vaksinalar yaratildi hamda laboratoriya va amaliyotda xo‘jaliklarda sinalib, Respublikaning barcha chorvachilik, klaster, shirkat fermer-dexqon, MChJlar, yordamchi va shaxsiy xo‘jaliklariga joriy etilmoqda.

Yuqoridagi tadqiqotlar natijasiga ko‘ra keyingi 5 yil davomida laboratoriya xodimlari tomonidan «Buzoqlarning kolibakterioz va salmonellyoz kasalliklarini oldini oluvchi giperimmun qon zardobi uchun kompleksli bakteriya antigenini olish usuli» (№ IAP 06162), «Qo‘ylarning diplokokkoz va pasterellyoz kasalligiga qarshi assotsiatsiyalangan vaksina» (№ IAP 06161), «Quyonlarning pasterellyoz kasalligini oldini olish uchun vaksina» (№ IAP 06526) ishlab chiqildi. Mazkur ishlanmalar uchun Respublika Intellektual Mulk Agentligidan «Ixtiro»ga patentlar olingan.

Hozirgi kunda laboratoriyada qoramol va mayda shoxli hayvonlar xlamidiozining diagnostikasini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Ilmiy yechimlarimizning aksariyati sobiq Ittifoq va O‘zbekiston veterinariya qonunchiliklarida, me’yoriy hujjatlarda, to‘plamlarda va matbuotda keng aks ettirilgan. Amaliy tadqiqotlar natijalari respublikamiz chorvachiligini rivojlantirishda, uning zamonaviy tizimlarini yanada optimallashtirishda foydali bo‘lmoqda. Chorvachilikning iqtisodiy rentabelligi ko‘tarildi. Ayniqsa, yuqorida nomlari keltirilgan kasalliklarni oldi olish tadbirlarini chorvachilik xo‘jaliklariga joriy qilinishi natijasida e’tiborga molik yutuqlarga erishildi.

O‘zbekistonda Yosh mollar kasalliklarini o‘rganish (Mikrobiologiya) sohasi bo‘yicha ilmiy maktab yaratildi (A.A.Volkova, Z.G.Sovetskiy, I.N.Nevskiy, S.I.Voinov, F.E.Smirnov, F.D.Lukashenko, A.K.Sitdiqov, I.D.Burluskiy, A.A.Abdusattarov, E.E.Yaparov, J.M.Parmanov, B.A.Elmurodov va boshq). Maktab tomonidan 2 mingdan oshiq ilmiy maqolalar, o‘nlab kitob va to‘plamlar, monografiyalar, tavsiyanoma va yo‘riqnomalar chop etildi. 20 dan oshiq fan nomzodi, 6 nafar fan doktori yetishib chiqdi. Ayni paytda laboratoriya ilmiy faoliyati B.A.Elmurodov boshchiligida (I.Yu.Sultonova, N.I.Navruzov, N.A.Nabieva, N.Sh.Hamroqulov, I.D.Sheralieva, X.U.Murodov va bosh.) qo‘y, qo‘zi, quyon va buzoq hamda parranda kasalliklariga tashxis qo‘yish, davolash va oldini olishning yangi samarali uslublari ustida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.