1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutida ko‘tarinki ruhda bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan institut direktori X.T.Yuldoshev butun jamoani, jonkuyar olimlar va murabbiylarni qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etdi. Direktor o‘z nutqida ilm-fan yo‘lida fidoiylik ko‘rsatib kelayotgan ustozlarning soha rivojidagi o‘rni va xizmatlarini alohida e’tirof etdi.
Tadbirning eng hayajonli qismida ustoz maqomiga chinakkam loyiq bo‘lgan bir guruh faxriylar va fidoiy xodimlar alohida yo‘qlandi. Ko‘p yillik samarali mehnatlari, yosh avlodga ilm sirlarini o‘rgatishdagi beminnat xizmatlari uchun faxriylarga institut rahbariyati tomonidan tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Ehtirom ko‘rsatilgandan so‘ng, navbat institutning yosh doktorantlariga berildi. Yosh olimlar ustozlariga bo‘lgan cheksiz hurmat va minnatdorchiliklarini izhor etib, o‘zlari tayyorlagan samimiy tabrik so‘zlari va dil izhorlari bilan chiqish qilishdi. Ustozlar yo‘lini davom ettirish va sohaga munosib hissa qo‘shish ular uchun ulkan sharaf ekanini ta’kidlashdi.
Tadbir yakunida ko‘pni ko‘rgan, tabarruk ustozlar so‘z olib, ko‘rsatilgan yuksak e’tibor va ehtirom uchun institut rahbariyati hamda yoshlarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi. Bugungi tinch va osuda kunlar, ilm ahliga berilayotgan yuksak imkoniyatlar hamda mana shunday fayzli bayramlar uchun shukronalik keltirib, institut jamoasining kelgusi ilmiy ishlariga rivoj va baraka tilab duoga qo‘l ochishdi.
Bayram tadbiri barchaga ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas taassurotlar ulashdi.



















Fikr bildirish