Birlashgan Arab Amirliklari Iqlim o’zgarishi va Atrof-muhit vazirligi inspeksiya delegatsiyasining O’zbekiston Respublikasiga xizmat safari tashkillashtirilgan bo’lib ayni paytda mehmonlar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo’mitasining ma’sullari bilan Veterinariya ilmiy tadqiqot instituti rahbariyati va institut olimlari bilan uchrashib, davra suhbati o’tkazishdi.

Tadbir avvalida Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti direktori X.Yuldoshev kirish so‘zi bilan chiqish qilib, mehmonlarni samimiy qutladi hamda institutning tashkil topganligi, uning asosiy yo‘nalishlari, ilmiy laboratoriyalari va amaliy faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek direktor O‘zbekiston veterinariya sohasi rivojida ilmiy-tadqiqotlarning o‘rni, xalqaro hamkorlik aloqalarining kengayib borayotganini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng, institutning yetakchi olimi, professor B.Elmurodov tomonidan “Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutining faoliyati va so‘nggi yillardagi yutuqlari” mavzusida taqdimot o‘tkazildi. Professor institutda amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar, parazitar va yuqumli kasalliklarga qarshi innovatsion preparatlar yaratish borasidagi natijalar hamda xalqaro miqyosda erishilgan muvaffaqiyatlar haqida so‘z yuritdi.


Kun tartibiga ko’ra direktor o’rinbosari, professor M.Ruzimurodov so’zga chiqib institut huzurida faoliyat olib borayotgan kichik innovatsion korxonalar faoliyati bilan tanishtirdi. Ma’sul institut olimlari tomonidan yaratilgan ekologik xavfsiz vaksina, preparat va fitokomplekslar ushbu korxonalar orqali amaliy ishlab chiqarishga joriy etilayotganini, bu ishlar ilmiy ishlanmalarning tarmoqqa tezkor tatbiq etilishini ta’minlayotganini qayd etdi.


Davra suhbati davomida BAA delegatsiyasi vakillari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar berishdi va batafsil javoblar olishdi. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlarini birgalikda olib borish hamda yangi innovatsion yo‘nalishlarni rivojlantirish borasida kelishib oldilar.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, Veterinariya sohasida xalqaro tajriba almashish hamda yangi qo‘shma tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim qadam bo‘ldi.




Fikr bildirish