
Laboratoriya mudiri, Isayev Jasurbek Muzaffarovich
Veterinariya fanlari bo’yicha falsafa doktori, Katta ilmiy xodim
Gelmintologiya laboratoriyasi 1929 yilda ochilgan bo‘lib, unga 1933 yilgacha V.S.Yershov, 1933-1936 yillarda R.N.Shibayev rahbarlik qilgan 1936-1938 yillarda parazitologiya bo‘limi bilan birlashtirilgan va 1939-1941 yillarda unga M.I.Sopelchenko rahbarlik qilgan. 1942 yildan 1949 yilgacha gelmintologiya bo‘limi yana parazitologiya bo‘limi tarkibida, 1949 yildan boshlab esa yana mustaqil faoliyat ko‘rsatib kelmoqda va unga 1960 yilgacha Ya.D.Nikolskiy, 1960-1966 yillarda Sh.A.Azimov rahbar bo‘lgan.
1966 yilda gelmintologiya bo‘limi tarkibida 2 mustaqil laboratoriyalar tashkil qilingan:
a) umumiy gelmintologiya laboratoriyasi, unga 1979 yilgacha B.S.Salimov, 1979 yildan 2023 yilgacha A.O.Oripov, 2023 yildan va hozirgi davrgacha J.M.Isaev rahbarlik qilib kelmoqda; b) Senuroz va exinokokkozni o‘rganish (hozirgi gelmintozoonoz) laboratoriyasi, unga 1970 yilgacha V.M.Sadikov, 1971-1979 yillarda A.O.Oripov, 1979-2013 yillarda M.Aminjanov, 2014 yildan Sh.Aminjanov rahbarlik qilmoqda.

Gelmintologiya bo‘limi faoliyatining boshlang`ich davrida gelmintologik tadqiqotlar asosan ekspeditsion maqomga ega bo‘lib, ular asosan 2 yo‘nalishda – gelmintofaunistik va gelmintogeografik yo‘nalishlarda olib borilgan. Mazkur tadqiqotlar o‘sha davrda qishloq xo‘jaligida muhim rol o‘ynagan ot, eshak va qorako‘l qo‘ylarning gelmintofaunasi va asosiy gelmintozlarini aniqlash imkoniyatini berdi (V.S.Yershov, N.V.Badanin, Ya.D.Nikolskiy).
1948 yilda gelmintozlarga qarshi kurash ekspeditsiyasi tashkil qilinib (Ya.D.Nikolskiy rahbarlik qilgan), uning 4 yillik faoliyati natijasida chorva mollarining diktikaulyoz, moniyezioz, oshqozon-ichak strongilyatoz-lari (gemonxoz, xabertioz, bunostomoz) kabi gelmintozlar keskin qisqar-tirilgan.
Keyinchalik asosiy gelmintozlarning epizootologiyasini o‘rganish va epizootologik ma’lumotlarga eksperimental tajribalar bilan aniqlik kiritish bo‘yicha chuqur va atroflicha ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilgan (N.V.Badanin, I.X.Irgashev, Sh.A.Azimov, D.A.Azimov, N.M.Matchanov, A.O.Oripov, B.S.Salimov, M.Aminjanov, G.S.Pulatov, V.M.Sadikov va boshq.). Mazkur tadqiqotlar natijasida asosiy gelmintozlarga qarshi davolash-profilaktika chora-tadbirlar majmuasi va tizimlari ishlab chiqildi. Jumladan, qo‘y-echkilarning oshqozon-ichak strongilyatozlari, diktikaulyoz va moniyezioziga qarshi fenotiazin, mis kuporosi va tuz (10:1:89 nisbatanda) aralashmasi ishlab chiqilib, amaliyotga keng ko‘lamda tadbiq qilindi (I.X.Irgashev, Sh.A.Azimov va boshq.) fastsiolyoz va dikrotselioz kabi xavfli trematodozlarga qarshi O‘zbekistonning turli hudud va mintaqalari sharoitiga mos keladigan chora-tadbirlar (Sh.A.Azimov, A.O.Oripov, B.S.Salimov X.N.Nasimov, A.Nazarov, Sh.M.Ro‘ziyev, J.Ernazarov va boshq.), qo‘y-echki va qoramollarning anoplotsefalyatozlari (moniyezioz, tizaniyezioz, avitellinoz)ga qarshi degelmintizatsiyaning optimal muddatlari (Sh.A.Azimov, G.S.Po‘latov, Ye.Sh.Shakiyev, H.Jo‘rayev, M.Mardiyev va boshq.), O‘zbekistonning ayrim hududlarda keng tarqalgan oriyentobilgartsiozga qarshi asoiy chora-tadbirlar (D.A.Azimov) ishlab chiqilib amaliyotga tavsiya qilindi.
Gelmintologiya bo‘lim faoliyatining ilk davridan boshlab, ayniqsa bo‘lim tarkibida 1966 yilda mustaqil gelmintozoonoz laboratoriyasi tashkil qilingandan keyingi davrda, chorva mollari va inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan – tsenuroz, exonokokkoz, tsistitserkoz (finnoz) kabi zoonoz gelmintozlarga qarshi chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqishga katta ahamiyat berilib kelinmoqda. Bu yo‘nalishda olib borilgan keng-ko‘lamli ilmiy tadqiqotlar (I.X.Irgashev, N.M.Matchanov, V.M.Sadikov, M.Aminjanov) natijasida chorvachilik xo‘jaliklari va bir butun viloyat va katta hududlarni mazkur gelmintozlardan sog`lomlashtirish chora-tadbirlar tizimi ishlab chiqilib amaliyotga tadbiq qilindi. Natijada, 1966-1970 yillarda Buxoro viloyatida qo‘ylarning tsenuroz kasalligidan to‘liq sog`lomlashtirilishga, exinokokkoz kasalligining keskin kamayishiga erishildi. 1972-1975 yillarda olib borilgan ekspeditsion tadqiqotlar va amalga oshirilgan umumiy veterinariya-sanitariya chora-tadbirlar va tashkiliy ishlar natijasida Respublikamizda, ayniqsa Xorazm viloyati va Qoraqalpog`istonning janubidan keng tarqalgan qoramollarning tsistitserkoz (finnoz), odamlarning teniarinxoz kasalliklarining keskin kamayishi, deyarli yo‘q qilinishiga erishildi (N.M.Matchanov, Sh.A.Azimov, A.O.Oripov, M.V.Alferova va boshq.).
1991 yildan keyin, ayniqsa mamlakatimizning mustaqil rivojlanish davrida, gelmintozlarga qarshi kurashga yangicha yondashish muammosiga katta e’tibor qaratildi. Hozirgi davrda gelmintozlarni davolash emas, balki ularni oldini olish, bu kasalliklar kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik tamoyillariga asoslanib ilmiy-tadqiqotlar olib borilmoqda. Jumladan, chorva mollarining asosiy gelmintozlariga qarshi ishlab chiqilgan chora-tadbirlarni takomillashtirish, yangi, zamonaviy uslub-vositalar ishlab chiqish va ularni amaliyotga tadbiq etish gelmintologik tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishi va maqsad-vazifalari bo‘lib hisoblanadi.
Oxirgi yillarda (1991-2021 y.y) asosiy gelmintozlarga qarshi yangi, zamonaviy antgelmint vositalar ishlab chiqish, ayniqsa gelmintozlarni kimyoviy va bioekologik profilaktika qilish masalalari bo‘yicha keng-ko‘lamli tadqiqotlar olib borilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston FAning O‘simlik moddalar kimyosi istituti (O‘MKI) olimlari bilan hamkorlikda yaratilgan va Farg`ona Azot IBda ishlab chiqarilishi yo‘lga quyilgan keng antigelmint ta’sir doirasiga ega bo‘lgan Atsetamizol preparati sobiq ittifoqning Veterinariya Bosh boshqarmasi tomonidan amaliyotga tadbiq qilish uchun qabul qilingan va “Ixtiro”ga Patent olingan (A.O.Oripov, Ch.Sh.Qodirov va boshq.) oxirgi yillarda (2013-2021 y.y) O‘MKI xodimlari bilan ijodiy hamkorlik shartnomasi tuzilib yangi antigelmint preparatlar – xinozolon-4-on, 2 ATSB, immunostimulyatordan fitoestrogen-Gossipren kabi yuqori samarali vositalar ishlab chiqarildi va amaliyotga tadbiq etildi (A.O.Oripov, X.M.Shoxidoyatov, B.Elmurodov, N.K.Xidirova A.Abdurazokov).
Degelmintizatsiya qilishning yangi, progressiv uslublari – guruh usulida degelmintizatsiya qilish, antgelmint preparatlarni mollarning ozuqasiga qo‘shib berish yoki sug`orish paytida mollar ichadigan suvga eritib berish, turli tarkibdagi antgelmint-ozuqa granulalar va aralashmalardan foydalanish uslublari ishlab chiqilib amaliyotga tadbiq etilmoqda (A.O.Oripov va boshq.).
Ayniqsa, oxirgi yillarda (2000-2010 yy.) ishlab chiqilgan oldingi, ya’ni fenotiazinli antgelmin-tuz aralashma o‘rniga, undan samaraliroq va ekologik xavfsiz, 4-5 barovar arzon vositalar – yangi antgelmintli-tuz aralashmalar chorvachilik xo‘jaliklari, ayniqsa qorako‘lchilik sohasiga keng tadbiq etilmoqda va yuqori samara bermoqda. E’tiborli tomoni shundaki, yangi antgelmint vositalar har bir geografik-iqlim mintaqa, alohida hudud va xo‘jaliklarning yer (tuproq) va suvining kimyoviy tarkibi, yaylovning sho‘rlanganlik darajasi va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilmoqda (A.O.Oripov, N.E.Yuldashev, U.E.Temurov, Sh.A.Djabborov, O.Z.Amonov, I.Ulashev va boshq.).
Ilk bor Buxoro viloyatida faoliyat yuritadigan yagona “Jayron” ekomarkaz sharoitida jayron, kulon va Prejevalskiy oti kabi noyob hayvonlarning gelmintofaunasi o‘rganilgan (Oripov A.O., Isayev J.M., Yo‘ldoshev E.) hamda ot, kulon va Prejevalskiy otining asosiy gelmintozlarining epizootologiyasi o‘rganilgan (J.M.Isayev).
Fastsiolyoz, oriyentobilgartsioz va paramfistomatozlar (paramfistomoz, liorxoz, kalikoforoz, gastrotilyaksoz) kabi xavfli trematodozlarning oldini olish va bu kasalliklarni devostatsiya qilishga qaratilgan tadqiqotlar natijasida, mahalliy vositalar, o‘zimizda ya’ni Respublikamiz kimyo sanoati korxonalarida katta hajmlarda ishlab chiqariladigan va dala-dehqonchilikda keng qo‘llaniladigan mineral o‘g`itlar – ammoniy sulfat, kaliy xlorid asosida yangi mollyuskotsid vositalar yaratildi va ularni amaliyotda qo‘llash uslublari ishlab chiqildi (A.O.Oripov, N.E.Yo‘ldoshev, Sh.A.Djabborov, I.A.Ulashov). Ushbu yo‘nalishda olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida 3-ta “Ixtiro”ga Patent olindi.
Gelmintologiya laboratoriyasining ko‘p yillik faoliyati natijasida amaliyotga 50 dan ortiq ilmiy yechilmalar bo‘yicha “Qo‘llanma” , “Yo‘riqnoma”, “Tavsiyalar”lar ishlab chiqilgan, 15-ta yirik monografiyalar, o‘quv qo‘llanmalar, risolalar va 1000 ga yaqin ilmiy maqolalar chop etilgan. Laboratoriya olimlari tomonidan bajarilgan ilmiy-tadqiqotlar natijasida 28 ta “Ixtiro”larga guvohnoma va Patentlar olingan. Laboratoriya xodimlari J.A.Azimov, Sh.A.Azimov, N.M.Matchanov, V.M.Sadikov, B.S.Salimov, A.O.Oripov, M.Aminjanov, G.S.Po‘latov, Sh.A.Djabbarov va N.E.Yo‘ldoshevlar aynan gelmintologiya ixtisosligi bo‘yicha fan doktori ilmiy darajaga sazovor bo‘lgan va ko‘plab yosh olimlar-fan nomzodlari yetishib chiqqan, J.A.Azimov esa O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining haqiqiy a’zosidir.
LABORATORIYA TAYORLANGAN KADRLAR
Fan doktorlari 10
Fan nomzodlari (PhD doktorlari) 45
ILMIY NATIJALARNING FAN, TA‘LIM VA AMALIYOTGA JORIY ETILISHI
Veterinariya dori-darmonlari va ularni qo`llash texnologiyalari ishlab chiqarishga tavsiya etilgan.
1. Atsetamizol.
2. Albendazol, mis kuporosi va tuz aralashmasi.
3. Fenbendazol, mis kuporosi va tuz aralashmasi.
4. Tetramizol, mis kuporosi va tuz aralashmasi.
5. Albendazol, mis kuporosi, bentonit va tuz aralashmasi.
6. Orivermin-P – 10% albendazol kukuni, antgelmint preparat.
7. Orivermin-S – 10% albendazol suspenziyasi, antgelmint preparat 8. Alsus 10% albendazol suspenziyasi, antgelmint preparat.


VETERINARIYa PREPARATLARI VA USLUB-VOSITALARGA O`ZBEKISTON PATENTLARI OLINGAN
2-atsetilaminobenzimidazol olish usuli. Patent№1579. 20.12.1994.
Qorako`lchilik xo`jaliklarida gelmintozlarga qarshi kimyoviy profilaktika vositasi. Patent IAP 03349. O`zbekiston Respublikasi Davlat Patent idorasi. Ixtirolar Rasmiy axborotnoma, №5, 31.05.2007.
Mayda shoxli hayvonlar gelmintozlariga qarshi kimyoviy profilaktika vositasi. Patent IAP 03350. O`zbekiston Respublikasi Davlat Patent idorasi. Ixtirolar Rasmiy axborotnoma, №5, 31.05.2007.
Qo`y-echki gelmintozlariga qarshi kimyoviy profilaktika vositasi. Patent IAP 03351. O`zbekiston Respublikasi Davlat Patent idorasi. Ixtirolar Rasmiy axborotnomasi №5, 31.05.2007.
Lymnaeidae oilasiga mansub chuchuk suv mollyuskalariga karshi kurashish uchun vosita. Ixtiroga patent. IAP 05448 Toshkent, 18.03.2017.
Lymnaeidae va Planorbidae oilalariga mansub chuchuk suv mollyuskalariga karshi kurashish uchun vosita. Ixtiroga patent. IAP 05449. Toshkent, 17.08.2017.
Mollyuskalarga qarshi vosita. Ixtiroga patent. IAP 05573. Toshkent, 30.03.2018. Gelmintlarga qarshi vosita. Ixtiroga patent. IAP 05585. Toshkent, 12.10.2018.













