Telefon: +998 66 666-56-30

HUDUDIY DIAGNOSTIKA LABORATORIYASI

Hududiy diagnostika laboratoriyasi

Veterinariya Ilmiy Tadqiqot Institutiga qarashli Hududiy diagnostika laboratoriyasi 2006 yilda “Epidemiologik monitoring stansiyasi” nomi bilan tashkil etildi. Ushbu laboratoriya biologik xavfni kamaytirish xalqaro dasturi doirasida tashkil etilgan “Inson va hayvonlar orasidagi o‘ta xavfli kasalliklarini aniqlash, diagnostika qilish va chora ko‘rishning integratsiyalashgan tizimi” ning tashkiliy qismi sifatida “Parrandalar kasalliklarini o‘rganish laboratoriyasi” ni rekonstruksiya qilish yo‘li bilan zamonaviy rusumda qurilgan. Laboratoriya immunofermentli tahlil (IFT, ELISA), Polimerazali zanjir reaksiya (PZR, PCR) va bakteriologik tahlillar o‘tkazish uchun zamonaviy zarur asbob-anjomlar bilan ta’minlangan, avtomatik ravishda faoliyat ko‘rsatuvchi zamonaviy qo‘riqlash tizimi, yong‘inga qarshi tizim va videokuzatish tizimi bilan ta’minlangan.

Hududiy diagnostika laboratoriyasining maqsadi: xavfli infeksion kasalliklar manbalari, o‘choqlari va biologik xavflarni aniqlash hamda bartaraf qilishga ko‘maklashish uchun o‘z vaqtida va tezkor tashxislashni amalga oshirish. Bu, o‘z navbatida zararlanish oqibatlaridan maksimal himoyalaydi va sotsial-iqtisodiy zararni kamaytiriga olib kelishi mumkin.

Hududiy diagnostika laboratoriyasining vazifasi:

  • Respublikamiz chorvachilik xo‘jaliklaridan kasal hayvonlardan keltirilgan patologik namunalardan patogenlarni aniqlash maqsadida bakteriologik, serologik, immunologik va molekular biologik metodlar bilan tekshirish.
  • Chorvachilik xo‘jaliklarining epizootologik ahvolini monitoring qilish va infeksion kasalliklar bo‘yicha prognozni aniqlash.
  • Patologik namunalardan ajratilgan patogenlarning morfologik, kultural, biologik va antigenlik ko‘rsatkichlarini aniqlash.
  • O‘rganilgan patogenlarni hujjatlashtirish va veterinariya biopreparatlari (diagnostikum, vaksina va h.k.) tayyorlashda foydalanish maqsadida uzoq muddat davomida biologik xususiyatlarini yo‘qotmasdan saqlanishini tashkillashtirish.

Laboratoriya uchta asosiy bo‘limdan tashkil topgan: Serologiya bo‘limi; Bakteriologiya bo‘limi; Molekulyar biologiya bo‘limlari.

Serologiya bo‘limida asosan IFT diagnostika ishlari olib boriladi; Bakteriologiya bo‘limida esa bakteriologik tadqiqotlar olib boriladi; Molekulyar biologiya bo‘limida esa PZR tahlil natijalari aniqlanadi va tahlil qilinadi.

Laboratoriyaga parrandalar grippi, Nyukasl kasalligi, brusellyoz, chechak, kuydirgi, tulyaremiya, o‘lat va oqsil kasalliklarini doimiy epizootik monitoring qilish vazifasi yuklatilgan.

Hozirgi kunda o‘ta xavfli kasalliklardan parrandalar grippi, cho‘chqalar o‘lati, qoramollar o‘lati, kuydirgi, oqsil, nyukasl kasalligi, brusellyoz va boshqa kasalliklarga tashxis qo‘yish imkoniyatiga ega. Laboratoriya O‘zR Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2-3 guruh patogenlar bilan ishlash ruxsatnomasiga ega. Laboratoriyada IFT, PZR reaksiyalari yordamida tezda kasalliklar aniqlanadi va ularga qarshi kurash chora tadbirlari to‘g‘risida tavsiyalar beriladi. Ushbu tahlillarni bajarish uchun laboratoriya immunofermentli tahlil (IFT, ELISA), Polimerazali zanjir reaksiya (PZR, PCR) va bakteriologik tahlillar uchun zarur asbob-anjomlar bilan ta’minlangan.

Laboratoriya mudiri, Ismatova Rano Asadovna

Veterinariya fanlari nomzodi, Katta ilmiy xodim

Hududiy diagnostika laboratoriyasi tashkil etilgach 2006-2011 yillarda veterinariya fanlari nomzodi M.Q. Bo‘taev rahbarlik qildi. Laboratoriyaga 2011 yildan to hozirgi kungacha veterinariya fanlari nomzodi R.A. Ismatova rahbarlik qilib kelmoqda. Hozirgi kunda S.H. Abdalimov, S.S. Tursunov, S.J.Sheralieva, Sh.S.Hamzaeva kabi institut ilmiy xodimlari o‘z ilmiy tadqiqot ishlarini laboratoriyada olib borishmoqda. Hududiy diagnostika laboratoriyasi Respublikamiz viloyatlaridagi boshqa Hududiy diagnostika laboratoriyalari va institutning boshqa laboratoriyalari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Ilmiy tadqiqotlar va biologik preparatlar tayyorlashning asosini tashkil etganligi uchun laboratoriyada mikroorganizmlar shtammlari depozitariysi tashkil etilgan. Depozitariydagi mavjud mikroorganizmlar shtammlar xilma-xilligi veterinariya maqsadlari uchun biopreparatlarni tayyorlash va nazorat qilish imkoniyatiga ega. Shu bilan birgalikda laboratoriya xodimlari amaliy va tijoratlashtirish loyihalarida faoliyat olib borib, ilmiy ishlanmalar va yechimlarni amaliyotga joriy etishmoqda.

Laboratoriyaning faoliyati mutaxassislarni ilg‘or serologik, bakteriologik, immunobiologik va molekular-biologik tadqiqotlar olib borish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga ham yo‘naltirilgan. Qator yillardan buyon laboratoriya salohiyati va moddiy-texnik bazasidan foydalanilgan holda Samarqand Davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti talabalari, magistrlari va malaka oshirish kurslaridagi amaliyot mutaxassislarining amaliyot hamda ko‘nikma olish mashg‘ulotlari o‘tkazilib kelinmoqda. Veterinariya va biologiya yo‘nalishlarida ilmiy izlanuvchilarning tadqiqotlariga ilmiy-uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatilmoqda hamda ilmiy tajribalarni bajarilishiga ko‘maklashilmoqda.

Veterinariya amaliyoti va chorvachilikka uslubiy hamda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida laboratoriya xodimlari joylarda tashkillashtirilayotgan turli seminarlar, treninglar va konferensiyalarda qatnashib o‘z bilim va tajribalarini, ilg‘or ishlanmalarni amaliyot mutaxassislariga yetkazmoqdalar.

LABORATORIYANING ILMIY  MAHSULOTLARI

  1. PATENTLAR SONI – 7
  2. TEXNOLOGIK MAHSULOT – 6
  3. MONOGRAFIYA VA KITOBLAR– 5
  4. MAQOLALAR SONI – 74
  5. MALAKA OSHIRISH SERTIFIKATLARI – 36