
Laboratoriya mudiri, Djurayev Olimjon Ahrorovich
veterinariya fanlari nomzodi, Katta ilmiy xodim
Patomorfologiya laboratoriyasi (tashkil etilgan payt Patanatomiya deb yuritilgan) Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutining eng birinchi tashkil etilgan laboratoriyalaridan biri hisoblanib, uzoq tarixga ega va ushbu laboratoriya 1934-yilgacha Diagnostik tekshirish laboratoriyasi tarkibida bo‘lgan va unga P.A.Apolosova rahbarlik qilgan.
Ilk bor Patomorfologiya laboratoriyasini tashkil etishda K.A.Kulakov jonbozlik ko‘rsatgan hamda 9 yil davomida mudirlik qilgan. Laboratoriya xodimlari tomonidan 1946-yilgacha “Angor echkilarining yuqumli plevropnevmoniya kasalligi etiologiyasi va uning oldini olish” bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilgan.
1946-1947 yillarda laboratoriyani Ya.D.Nikolskiy boshqargan. Uning rahbarligida laboratoriya xodimlari otlar «Suylyuk» kasalligining etiologiyasini o‘rganib, 1950-yilda mazkur mavzu bo‘yicha Ya.D.Nikolskiy nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
1948-1952 yillarda laboratoriyada N.I.Kobyakova rahbarligida “Sigirlarning qisir qolish sabablari va jinsiy organlarning qisir qolishga sabab bo‘luvchi patologiyasini davolash” o‘rganilgan.
1953-1961 yillarda laboratoriyaga A.G.Stolyarova rahbarlik qiladi. Uning rahbarligida laboratoriya xodimlari “Zaharli o‘simlik – kampirchoponning ot, eshak, dengiz cho‘chqachasi, quyon, tovuq va kabutarlar organizmiga toksik ta’siri” mavzusida tadqiqotlar olib borishgan.
1961-1963 yillarda professor M.V.Nexotyaev rahbarligida laboratoriyada cho‘chqalar yuqumli atrofik rinit kasalligining patomorfologiyasi va patogenezi o‘rganilib, olingan natijalar asosida X.N.Nurmuxammedov nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan va 1963-1967 yillar davomida laboratoriyani boshqargan.
1967-2009 yillar davomida Patanatomiya laboratoriyasiga veterinariya fanlari doktori, professor Fatxullo Ibodullayev rahbarlik qiladi.

Professor F.I.Ibodullayev laborant T.Saloxiddinova bilan ish jarayonida
Bu davrda laboratoriya xodimlari asosan ikkita rejali mavzu – “Yadoximikatlar bilan zaharlanganda organlarning patomorfologik o‘zgarishlari” hamda “O‘simliklar toksinlari bilan zaharlanganda organlarning patomorfologik o‘zgarishlari” ustida ilmiy izlanishlar olib borishdi. Laboratoriyada 1976-yildan boshlab qo‘y va tovuqlarning gossipol bilan zaharlanishidagi patomorfologik o‘zgarishlar o‘rganildi va mazkur muammolar bo‘yicha ikki kishi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilishdi. 1986 – yildan boshlab qoramollar tuberkulyozining atipik formasi hamda orientobilxarsiozida patomorfologik o‘zgarishlar o‘rganilib, bu ilmiy izlanishlar natijalari bo‘yicha ham 2 ta nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilindi. 1995-yildan boshlab laboratoriya xodimlari tomonidan yosh hayvonlarda aralash bakteriologik (pasterellyoz, salmonellyoz va kolibakterioz) infeksiyalarning patomorfologik o‘zgarishlarini o‘rganish bo‘yicha keng ko‘lamdagi ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilib, bitta nomzodlik va bitta doktorlik dissertatsiyasi yoqlandi.
2009-2020 yillar davomida laboratoriyani veterinariya fanlari nomzodi M.Isayev boshqardi. Bu davrda laboratoriyada “Turli xil zaharli o‘simliklar urug‘lari qo‘shilgan g‘alla chiqindisining qishloq xo‘jaligi hayvonlari, parrandalari va laboratoriya hayvonlari organizmiga ta’siri” hamda “Baliqlarning turli infeksion va invazion kasalliklari patomorfologiyasi” bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borildi.
2021 – yildan boshlab laboratoriyaga veterinariya fanlari nomzodi Olimjon Djurayev rahbarlik qilmoqda. Hozirgi paytda laboratoriya xodimlari tuberkulyozga qarshi yangi preparatlar kombinatsiyasining laboratoriya hayvonlari va buzoqlar organizmidagi samaradorligi, qo’ylar xlamidiozining patomorfologiyasi, bradzot qo‘zg‘atuvchisining mahalliy shtammi yuqtirilgan dengiz cho‘chqachalari organizmidagi o‘zgarishlar va parranda hamda quyonlarda aralash yuqumli kasalliklarini o‘rganish bo‘yicha patomorfologik tekshirishlar ustida ilmiy izlanishlar va tadqiqotlar olib bormoqda.
Laboratoriya tashkil etilgandan boshlab hozirgacha laboratoriya xodimlari tomonidan sakkizta doktorlik (F.I.Ibodullayev, I.F.Absalyamov, N.X.Shevchenko, Sh.A.Azimov, D.Sh.Muratov, N.Sh.Davlatov, B.F.Murtazin, B.A.Elmurodov) va 16 ta nomzodlik (X.Nurmuxammedov, X.Mo‘minova, X.Rasulov, Yu.Shevchenko, B.Kuliyev, V.Alimova, R.Ismatova, B.Ibragimov, O.Djurayev, M.Isayev, A.Abdusattorov, B.Avakyan, B.Elmurodov, I.Turdiyev, B.Jo‘rayev, A.Xushnazarov) dissertatsiyalari himoya qilingan hamda 500 ga yaqin ilmiy maqola chop etilgan. Laboratoriyada bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlarining natijalari bo‘yicha 13 ta Qo‘llanma tasdiqlangan, 9 ta plakat, 5 ta monografiya, 3 ta broshyura, 14 ta tavsiyanoma, 1 ta qishloq xo‘jaligi hayvonlarining patologik anatomiyasi bo‘yicha darslik, 2 ta o’quv qo’llanmasi chop etildi va 1 ta ilmiy-ommabop (kampirchopon o‘simligi bo‘yicha) film yaratildi.
Laboratoriyadagi tadqiqot ishlaridan foto lavhalar














