
Laboratoriya mudiri, veterinariya fanlari doktori, katta ilmiy xodim
Mamadullaev Gulmurod Hamidovich.
Qishloq xo‘jalik hayvonlarining tuberkulyoz laboratoriyasi 1973 yilda v.f.d., professor Sh.T.Rasulov tashabbusi bilan tashkil etilgan va tarkibida 8 kishi faoliyat olib borgan edi. Laboratoriyaga 1974-1975 yillarda veterinariya fanlari nomzodi (v.f.n) M.Yu.Yunusov, 1976-1985 yillarda v.f.n. A.B.Li, 1986-1992 yillarda biologiya fanlari nomzodi G.V.Ni, 1993-1995 yillarda v.f.n. M.T.Isoqov, 1996-1999 yillarda v.f.n. M.A.Ro‘zimuradovlar rahbarlik qilishgan. 2000 yilning fevralidan boshlab hozirgi davrgacha laboratoriyani veterinariya fanlari doktori, katta ilmiy xodim G.X.Mamadullaev boshqarib kelmoqda.
Laboratoriya tashkil etilgan dastlabki davrlarda sobiq Samarqand qishloq xo‘jalik instituti veterinariya fakulteti, hozirgi Samarqand Davlat Veterinariya Meditsinasi, Chorvachilik va Biotexnologiyalar Universiteti olimlari bilan hamkorlikda Respublikada qoramollar va parranda tuberkulyozi bo‘yicha epizootik tadqiqotlar o‘tkazilgan. Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, qator viloyatlarda qoramollar orasida tuberkulyoz infeksiyasining tarqalish tendensiyasi kuzatilgan. Ba’zan hayvonlar organizmidan tuberkulyozning M.tuberculosis va notipik mikobakteriozlar qo‘zg‘atuvchilari ajratilgan. Kasallikni paydo bo‘lishi va tarqalishiga tashkiliy–xo‘jalik, veterinariya–sanitariya qoidalarining buzilishi va epizootik xolatning to‘liq o‘rganilmaganligi va diagnostik tadbirlarning rejali o‘tkazilmaganligi sabab bo‘lgan.
Tadqiqotlarda mikobakteriya shtammlarining tipizatsiyasi yo‘lga qo‘yilgan. Kasallikni asosan M.bovis (qoramol) turi qo‘zg‘atuvchisi chaqirishi aniqlangan. Bundan tashqari A.B.Li, K.Ye.Sitov va Z.I.Ismoilovlar tomonidan mikobakteriyalar turlarining jamoa hamda aholi qaromog‘idagi qoramollar orasidagi sirkulyatsiyasi aniqlangan.
Hayvonlar saqlanadigan binolar va tashqi muhitda ham mikobakteriyalarning tarqalganlik darajasi o‘rganilgan (L.B. Shkarupa 1987).
O‘zbekiston Respublikasi Ftiziatriya va pulmonologiya instituti olimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida odam va hayvonlar tuberkulyozining o‘zaro bog‘liqligi isbotlangan. Tuberkulyoz bilan kasallangan odamlar yashayotgan hududlarda kasallikning boshqa tur hayvonlarga ham yuqishi aniqlangan. Qoramollardan olingan patologik namuna bakteriologik tekshirilganda organizmdan kasallikning M.bovis va M.tuberculosis mikobakteriya shtammlari ajratilgan (A.B.Li, Z.I.Ismoilov, t.f.n., professor R.Sh.Xamrokulov 1985).
Tuberkulyoz mikobakteriyalarining tashqi muhitda yashash qobiliyati va chidamliligini o‘rganish natijasida kasallik qo‘zg‘atuvchisi geografik hududlarda, bino ichida chidamliligi va yashovchanligi aniqlangan (Z.I.Ismoilov, 1988).
Laboratoriya xodimlari Farg‘ona viloyat veterinariya mutaxassislari bilan hamkorlikda sut va sut mahsulotlarini pasterizatsiya qiladigan uskuna (MOK-moloko obezzarajivayuщaya kamera) ishlab chiqilgan. Bunday Pasterizatorlarning ishlab chiqarilishi 1989-1990 yillarda yo‘lga qo‘yilgan edi.
Respublika kimyo sanoati chiqindilardan tuberkulyozga qarshi dezinfeksiya vositalari yaratish ustida tadqiqotlar o‘tkazilgan (A.B.Li, G.V.Ni, M.T.Isoqov, M.A.Mahmatqulov 1981-1989).
Tuberkulyoz diagnostikasi bo‘yicha eski qo‘llanmada 8-9-chi oy bug‘ozlik davridagi g‘unojin va sigirlarga PPD-tuberkulin preparati yuborish taqiqlangan edi. Laboratoriya xodimlarining tadqiqotlari natijasida teri orasiga yuboriladigan allergen hayvonning bug‘ozligiga va allergik reaksiya natijasiga tasir ko‘rsatmasligi aniqlangan. Bu malumotlar tuberkulyozni allergik diagnostikasi bo‘yicha Veterinariya qonunchiligi” da keltirilgan amaldagi Yo‘riqnomaga kiritilgan.
Laboratoriya olimlari tomonidan qoramollar tuberkulyozini tubazid (izoniazid) preparati yordamida kimyoprofilaktika qilish bo‘yicha keng qamrovli tadqiqotlar o‘tkazilgan (A.B.Li, G.V.Ni, M.T.Isoqov, G.X.Mamadullaev, 1981-1991).
Eksperimental sharoitda tuberkulyoz mikobakteriyalarning turli dozalarida yuqtirilgan buzoqlarda tuberkulyozning kechishi va namoyon bo‘lishi aniqlangan (A.B.Li, G.V. Ni, M.T. Isoqov, 1986).
Tuberkulyoz qo‘zg‘atuvchisi bilan eksperimental yuqtirilgan buzoqlar organizmida patomorfologik o‘zgarishlar tavsifi o‘rganilgan (F.I. Ibadullaev, G.V. Ni, M.T. Isoqov, O.A.Djuraev, 1988).
Laboratoriya eksperimentlarida teri ostidan yuqtirilgan buzoqlar organizmida tuberkulyozning minimal yuqtirish dozasi 0,01 mg/kg ekanligi, shuningdek og‘iz orqali yedirilgan tubazid preparatining profilaktik dozasi 10 mg/kg –ni tashkil qilishi aniqlangan.
Eksperimental laboratoriya va ishlab chiqarish sharoitida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida tubazid preparatining tuberkulyozga qarshi yuqori profilaktik samara ko‘rsatishi isbotlangan. Qoramollar tuberkulyozini tubazid preparati bilan kimyoprofilaktika qilish uslubi umumiy tashkiliy xo‘jalik va veterinariya–sanitariya chora tadbirlariga qo‘shimcha sifatida qo‘llanilgan va tuberkulyoz bo‘yicha nosog‘lom xo‘jaliklarni kasallikdan sog‘lomlashtirishda muhim rol bajargan. Bundan tashqari tubazidoprofilaktika sog‘lomlashtirish muddatlarini qisqartirishda samarali vosita sifatida joriy etilgan.
Ishlab chiqarish sharoitida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida tubazid (izoniazid) preparati yordamida kimyoprofilaktika qilish bo‘yicha vaqtinchalik tavsiyanoma ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq Xo‘jaligi Vazirligi xuzuridagi ilmiy–texnik kengash tomonidan tasdiqlangan (A.B.Li, A.K.Sitdikov, F.I.Ibodullaev, G.V.Ni, K.Ye.Sitov, Yu.N.Shevchenko, M.T.Isoqov, 1984).
Laboratoriya xodimlari tomonidan “Aholi qarmog‘idagi xususiy sektorda qoramollar tuberkulyoziga qarshi kurash chora tadbirlari” ishlab chiqilgan (A.K. Sitdiqov, A.B. Li, K.Ye. Sitov, Z.I. Ismailov, 1982).
VITI iqtisod laboratoriyasi xodimlari bilan hamkorlikda “Tuberkulyozga qarshi chora tadbirlarning iqtisodiy samaradorligini aniqlash bo‘yicha” vaqtinchalik tavsiyanoma yaratilgan (V.A.Seredkin, A.B.Li, 1981).
Hayvonlar tuberkulyozida tubazid preparatini prolongatsiyalangan shaklining kasallikka qarshi samaradorligi (G.V.Ni, S.Sh.Faxrutdinova, A.A.Gaynulina) va tubazidning buqalar va yangi tuqqan g‘unojinlar jinsiy a’zolariga ta’siri o‘rganilgan (M.A. Maxmatqulov).
Yosh qoramollarni tuberkulyozdan profilaktika qilish uchun tubazid va BSJ vaksinasini ketma-ket qo‘llash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilgan (A.B.Li, G.V.Ni, M.T.Isoqov, G.X. Mamadullaev, 1990-1994).
Respublika xo‘jaliklarida qoramollar tuberkulyozini oldini olish va sog‘lomlashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan dastur yaratilib, ishlab chiqarishga tadbiq etilgan (G.V. Ni, M.T. Isoqov, G.X. Mamadullaev, 1993).
VITI zoogigiena laboratoriyasi olimlari bilan hamkorlikda “Issiq iqlim sharoitida ixtisoslashgan fermalar va komplekslarda tuberkulyozga qarshi zoogigienik va veterinariya–sanitariya chora tadbirlari bo‘yicha” uslubiy tavsiyanoma ishlab chiqilgan va joriy etilgan (A.B.Li, G.V.Ni, Sh.M.Ruziev, M.T. Isoqov, 1982).
Tubazid preparati bilan kimyoprofilaktika qilish uslubining ng o‘ziga xos kamchiliklari bor edi. Buning uchun har bir qoramol indvidual ravishda fiksatsiya qilinib, og‘iz bo‘shlig‘i orqali preparat berilgan. Preparatni qo‘llash jarayoni ko‘p mehnat talab qilgan. Bu tadbirni bajarishda veterinariya vrachlari yoki cho‘ponlar ba’zan qoramol turli travmatik jarohatlar olishgan. Tubazid preparatini qoramollarga qo‘llash uchun ba’zan guruhli uslubdan ham foydalanilgan. Lekin, bu uslubda qoramollar orasida preparatdan zaharlanish holatlari sodir bo‘lgan. Zaharlangan qoramollarda kuchli salivatsiya kuzatilgan. Ba’zi kuchliroq qoramollar ko‘proq preparat iste’mol qilib yuborgan bo‘lsa, ba’zilariga preparat yetishmasdan qolgan. Yo‘riqnomaga muvofiq preparat har bir qoramolga 45 kun davomida og‘iz orqali har kuni 1 marta yedirilgan va bir oy tanaffus berilib, yana 45 kun preparat berilgan. Ushbu muammolarga barham berish maqsadida VITI tuberkulyoz laboratoriyasi olimlari tomonidan kimyoprofilaktikaning ineksion varianti taklif etilgan. Bunga muvofiq, tuberkulyozga qarshi farmakopeya dorivorlardan tashkil topgan kompleks preparati yaratilgan. Tuberkulyoz infeksiyasi rivojlanish jarayonida organizmda avitaminoz rivojlanishini hisobga olib, preparatga shakl beruvchi element va ad’yuvant sifatida vitaminli o‘simlik moyi qo‘llanilgan. 1989-1992 yillar davomida xayvonlar tuberkulyoziga qarshi ETIS-1 kimyoviy profilaktika vositasi yaratildi. Preparat prolongatsiya xususiyatiga ega va hayvon organizmida 30-40 kungacha saqlanadi. Ushbu preparat yordamida Respublika bo‘yicha o‘nlab tuberkulyoz bo‘yicha nosog‘lom xo‘jaliklar sog‘lomlashtirilgan. ETIS-1 preparati yordamida sog‘lomlashtirish uslubini qo‘llash natijasida Respublika bo‘yicha 14599 bosh qoramollarni tuberkulyozdan saqlab qolishga erishilgan. ETIS-1 preparati yordamida kimyoprofilaktika usuli sog‘lomlashtirish muddatlarini qisqartirdi, 9 oy ichida xo‘jalikni sog‘lomlashtirish imkonini beradi. Umumqabul qilingan uslubda xo‘jalikni sog‘lomlashtirish uchun bir necha 10 yillab ham (kamida 3-4 yil) vaqt sarflanadi. ETIS-1 preparati yordamida kimyoprofilaktika uslubi juda arzon va veterinariya mutaxassislari mehnatini ancha yengillashtirdi. Olingan natijalar asosida qoramollar tuberkulyozini ETIS-1 preparati yordamida kimyoprofilaktika qilish bo‘yicha Yo‘riqnoma, preparatini ishlab chiqarish va nazorat qilish bo‘yicha texnik shartlar (TSh) ishlab chiqilgan va 21.05.1991 y. O‘z.R. Qishloq Xo‘jaligi Vazirligi xuzuridagi ilmiy-texnik kengash tomonidan tasdiqlangan (G.V.Ni, M.T.Isoqov, M..Yu.Yunusov, G.X.Mamadullaev).
Laboratoriya xodimlari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida qoramollar tuberkulyozini oldini olish va qarshi kurash bo‘yicha ilmiy asoslangan chora tadbirlar tizimi ishlab chiqilgan”. Ushbu tizimga laboratoriyada ishlab chiqilgan usul va uslublar, oldini olish va qarshi kurash sxemalari kiritilgan ( G.V.Ni, M.T.Isoqov, G.X.Mamadullaev, 1993).
G.X.Mamadullaev va G.V.Ni tomonidan “Hayvonlar tuberkulyoz kasalligiga qarshi kurash va oldini olish tadbirlari haqida Yo‘riqnoma” yaratilgan va O‘zbekiston Veterinariya qonunchiligining I jild 68-92 betlaridan o‘rin olgan.
2001 yildalaboratoriya mudiri G.X.Mamadullaev tomonidan O‘zbekiston Respublikasida yangi shakllantirilayotgan “Aholini sil kasalligidan muxofaza qilish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni (11.05.2001 yil №215-11) ga takliflar taqdim etildi va ushbu takliflar qonunga kiritildi.
1998-2001 yillar davomida O‘zBioform “OTAJ” bilan hamkorlikda hayvonlar tuberkulyozini diagnostika qilish uchun milliy PPD-tuberkulin diagnostikumi yaratildi. PPD tuberkulin preparati qoramollarni allergik tuberkulinizatsiya qilish uchun Respublika chorvachilik xo‘jaliklariga keng tadbiq etildi. Mazkur diagnostikumning Respublikamizda ishlab chiqarilishi chet davlatlardan diagnostikum importini keskin kamaytirdi va katta miqdordagi davlat sarmoyasini tejab qolish imkonini berdi.
1990-2003 yillar davomida xayvonlar tuberkulyozini oldini olish uchun faolsizlantirilgan vaksina yaratildi (G.X. Mamadullaev, G.V.Ni, M.A. Ro‘zimurodov, M.T.Isoqov). Vaksina laboratoriya xayvonlarida (oq sichqon, dengiz cho‘chqalari va quyonlar) va buzoqlarda sinovdan o‘tkazildi va ijobiy natijalar olindi. Vaksina 83% immunogen samaradorlik ko‘rsatdi.
So‘ngra Respublika Davlat Veterinariya Bosh boshqarmasining ruxsati bilan tuberkulyozga qarshi faolsizlantirilgan vaksina ishlab chiqarish sharoitida Jizzax viloyat Baxmal tuman sobiq “Qo‘shchinor” shirkat xo‘jaligi sut tovar fermasida 535 qoramollarga tadbiq etildi. Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlandi. Qoramollar tuberkulyozdan talofatsiz muxofaza qilindi. Vaksinaning immunogen xususiyatga ega ekanligi ishlab chiqarish sharoitida tasdiqlandi. Olingan natijalar asosida vaksina bo‘yicha ilmiy-texnik xujjatlar tuzildi va 1998 yilda Respublika DVBB tomonidan tasdiqlandi.
1989-1992 yillar davomida ETIS-1 preparati yordamida kimyoprofilaktika qilish uslubi orqali Respublika bo‘yicha 34 sut tovar fermasida 15774 bosh qoramollarni tuberkulyoz kasalligidan asrab qolishga erishildi.
G.X.Mamadullaev tomonidan 2011 yilda “Hayvonlar tuberkulyozining diagnostikasi” bo‘yicha Yo‘riqnoma ishlab chiqildi va Davlat veterinariya Bosh boshqarmasi huzuridagi ilmiy-texnik kengash tomonidan tasdiqlangan.
2004-2014 yillar mobaynida tuberkulyozga qarshi sinergetik va prolongatsiya xususiyatiga ega bo‘lgan ETIS-2 preparati yordamida takomillashtirilgan sog‘lomlashtirish usuli ishlab chiqildi. Shu uslub yordamida Toshkent va Samarqand viloyatlarida 9 xo‘jalikda 3318 bosh qoramol tuberkulyoz infeksiyasidan talofatsiz saqlab qolindi. Shuning uchun bu uslubni Respublika chorvachilik xo‘jaliklariga joriy etilishi tuberkulyoz infeksiyasidan keltiriladigan katta iqtisodiy va ijtimoiy zararning oldini olishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. ETIS-2 preparati tarkibiga kiruvchi dorivorlarnig turli mikroorganizmlarga kuchli bakteriostatik ta’sirini inobatga olib, preparatni har xil turdagi yuqumli va yuqumsiz kasalliklarni davolash samaradorligi ishlab ishlab chiqarish sharoitida joriy etish natijasida 1156 bosh qoramollarning nafas olish a’zolari, ginekologik, oftalmologik va jarrohlik kasalliklari muvaffaqiyatli davolandi, gipo- va avitaminozlar profilaktikasiga erishildi.
2015 yildan boshlab QXI 5-035-2014 innovatsion loyihaga hissador tashkilot “Biovetprodukt” MChJ, keyinchalik 2019-2020 yillarda “BIOVET” MChJ bilan hamkorlikda “Sut emizuvchi hayvonlar tuberkulyozini allergik diagnostikasi uchun PPD tuberkulin diagnostikumi” ishlab chiqarildi va Respublika veterinariya xizmatiga taqdim etildi. Import o‘rnini bosadigan diagnostikum joriy etildi va bir necha milliard so‘m miqdoridagi Davlat mablag‘i tejalishiga zamin yaratildi, 20-ga yaqin ish o‘rinlari yaratildi.
Tuberkulyozga qarshi yangi dori moddalar yaratish borasida ham hamkorlikda keng qamrovli tadqiqotlar olib borilgan. Jumladan:
1. O‘zbekiston Milliy Universitetining Kimyo fakulteti “Tabiiy birikmalar kafedrasi” olimlari (professor Dolimov D.N. va boshq.) bilan hamkorlikda tuberkulyozga qarshi yangi tubazid-MASKG “Sil aktivligiga qarshi xususiyatga ega bo‘lgan kompleksli birikma” yaratildi va Ixtiroga Patent olindi IAP 04478 (2006-2014 yy.).
2. O‘zFA Polimerlar Kimyosi va Fizikasi instituti olimlari (prof. Sarimsakov A.A. va boshq.) bilan hamkorlikda tuberkulyozga qarshi yangi selozan va selozan–Ag (kumush elementi biriktirilgan) preparatlari yaratildi (2012-2014 yy.) va keng qamrovli tibbiy-biologik tadqiqotlar o‘tkazildi.
3. O‘zFA Bioorganik Kimyo instituti olimlari (akademik A.S.To‘raev, k.f.d Sh.Shomurodov va boshq.) bilan hamkorlikda tuberkulyozga qarshi polimerlangan yangi GKTE» va «PTE» preparatlari, “Bioftizioetam” va “Biomayrin” preparatlari yaratildi va keng qamrovli sinovlardan o‘tkazildi (2013-2015 yy.). O‘tkazilgan tibbiy-biologik taqiqotlar natijasida ushbu preparatlar bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekistonning saloxiyatli ilmiy-ommabop jurnallarida maqolalar nashrdan chiqarildi, shuningdek ilmiy-texnik xujjatlar ishlab chiqildi va Respublika Farmokologik kengashga taqdim etildi.
Bundan tashqari laboratoriya xodimlari tomonidan Respublikada qoramollar tuberkulyozini epizootologik monitoringi doimiy o‘tkazilmoqda. Viloyatlar va tumanlar veterinariya mutaxassislariga qishloq xo‘jalik xayvonlari tuberkulyozini diagnostika qilish, oldini olish, qarshi kurash bo‘yicha ilmiy uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatilmoqda, kompleks rejalar tuzishda ishtirok etilmoqda. Tuberkulyoz mavzusi bo‘yicha turli seminar va majlislarda faol qatnashib kelinmoqda. Televideniya va radio orqali chiqishlar qilindi. Tuberkulyoz profilaktikasi bo‘yicha xujjatli film tayyorlangan, Respublika va Xalqaro konferensiyalarda ishtiroq qilinmoqda.
Hayvonlar tuberkulyoziga qarshi kurash va oldini olish xaqida yo‘riqnoma (2016 y.) tayyorlandi va O‘zbekiston veterinariya qonunchiligiga kiritildi.
Laboratoriya mudiri G.X.Mamadullaev tomonidan Respublikada qoramollar tuberkulyozi bo‘yicha epizootik jarayon dinamikasining retrospektiv tahlili o‘tkazildi. Tahlil shuni ko‘rsatdiki, oxirgi 25 yil ichida ikki muhim siklni ajratish mumkin. 1985-1995 yillar davrida epizootik jarayon jadallashgan bo‘lsa, 2005 yildan boshlab epizootiyaning susayib borishi kuzatilgan. Shuning uchun qoramollar tuberkulyozining diagnostikasi va profilaktikasiga e’tibor susayar ekan, kasallikning uchinchi faollashish dinamikasi sodir bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Retrospektiv tahlilga ko‘ra, kasallik o‘zining stadiyaligi, uzluksizligi va siklik rivojlanishi va so‘nishi bilan tavsiflanadi. Qoramollar populyatsiyasida tuberkulyoz infeksiyasining epizootik jarayoni har xil regionlarda o‘zining hududiy, davriy va populyatsion chegarasiga ega ekanligi ta’kidlangan.
Hozirgi kunda laboratoriya mudiri G.X.Mamadullaev rahbarligida qishloq xo‘jalik hayvonlari tuberkulyozini diagnostikasi, kimyoviy oldini olish va qarshi kurash chora tadbirlarini takomillashtirish borasida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Laboratoriyada 4 fan nomzodi tayyorlangan. 2018 yilda laboratoriya mudiri G.X.Mamadullaev tomonidan “Qishloq xo‘jalik hayvonlari tuberkulyoziga qarshi kurashishning ilmiy asoslari” mavzusida veterinariya fanlari doktori dissertatsiyasi himoya qilindi va unga veterinariya fanlari doktori ilmiy darajasi berildi..
Laboratoriya olimlari tomonidan 400 dan ortiq ilmiy maqolalar Markaziy Osiyo, Osiyo, Yevropa va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlatlari nashriyotlarida chop qilingan. Oxirgi 10 yil ichida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida 4 qo‘lllanma, 4 Texnik shartlar, 2 Tashkilot standarti, 3 vaqtinchalik yo‘riqnoma, 4 Dastlabki patent, 5 Patent, 4 Mualliflik Guvohnomasi, 5 Yo‘riqnoma va tavsiyanomalari institut ilmiy kengashida, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va Suv xo‘jaligi Vazirligi, Veterinariya va Chorvachilikni Rivojlantirish Davlat Qo‘mitasi huzuridagi ilmiy texnik kengashlarda, Respublika Intellektual Mulkni muxofalash agentligida ko‘rib chiqilgan va joriy etilgan.
2019 yilda laboratoriya mudiri G.X.Mamadullaev tomonidan “Ximioprofilaktika i diagnostika tuberkulyoza jivotnыx”, 2020 yilda “Tuberkulyoz jivotnыx” mavzusidagi 2 monografiya Germaniyaning Dyusseldorf shaxrida joylashgan Halqaro “LAP LAMBERT Academic Publishing GmbH Ȣ Co KG.” nashriyotida chop etildi.
So‘nggi yillarda laboratoriya olimlari tomonidan Rifizostrep preparati yaratildi. Rifizostrep preparati hayvonlar tuberkulyoziga qarshi kurash va oldini olish vositasi bo‘lib, farmakopeya dorivorlaridan tashkil topgan. Preparat hayvonlar tuberkulyozi bo‘yicha nosog‘lom, shartli sog‘lom va kasallik tarqalish xavfi mavjud qoramolchilik fermalari hamda boshqa turdagi hayvonlar (toq va juft tuyoqli hayvonlar, mo‘ynali hayvonlar) tuberkuluozining kimyoprofilaktikasi uchun mo‘ljallangan.Preparat tarkibiga kiruvchi dorivorlar keng ta’sir ko‘rsatish doirasiga ega bo‘lib, bakterial kasalliklar qo‘zg‘atuvchilariga qarshi bakteriostatik va bakteritsid ta’sir etuvchi kimyoviy preparat va antibiotiklardan iborat kompleks suspenziya bo‘lib, shakl yasovchi element sifatida vitaminli o‘simlik moyi qo‘llanilgan. Preparat tashqi muhit uchun bezarar, organizmga nomutanosib va salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Rifizostrep tarkibiga kiruvchi komponentlar tibbiyot va veterinariyada qo‘llaniladi va keng doirali antimikrob ta’siriga ega bo‘lib, farmakokinetikasi tuberkulyoz mikobakteriyalari, atipik mikobakteriyalar, rikketsiyalar, Micobacterium lepra, grammanfiy (kokklar, ichak tayoqchalari, salmonellalar, klebsiellalar, tulyaremiya va b.sh.) va grammusbat (leptospiralar, stafilakokklar, pnevmokokklar, streptokokklar) mikroorganizmlarga bakteritsid va bakteriostatik ta’sir ko‘rsatadi. Preparat ayrim tur viruslarga virulotsid ta’sir ko‘rsatish xususiyatiga ega. Preparat tarkibiga kiruvchi komponentlarning o‘zaro kombinatsiyasi – sinergetik (bir dori ta’sirini ikkinchisi kuchaytirishi) va prolongatsiya (dorining ta’sir muddatini uzaytirishi) xususiyatini berishi tajribalarda aniqlangan.
Rifizostrep tarkibidagi izoniazid (tubazid) preparati organizm xujayrasi ichida va tashqarisida migratsiya qilayotgan bakteriyalarining
2023-2025 yillar davomida laboratoriya olimlari “Qishloq xo‘jalik hayvonlari tuberkulyozini diagnostika qilishda PPD tuberkulin preparatini ishlab chiqarish va tijoratlashtirish” (Shartnoma № 066/23-son 2023 yil 18 iyul) mavzusidagitijoratlashtirish loyihasi bo‘yicha izlanishlar olib borildi. 2025 yilning 1-choragiga qadar loyiha doirasida 1,0 mln. doza PPD tuberkulin diagnostikumining xom ashyosi tayyorlandi va ishlab chiqarishga hozirlandi. Veterinariya va Chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining ruxsati bilan mazkur diagnostikum Respublika veterinariya amaliyotigan taqdim etiladi.
Laboratoriya xodimlari Rossiyaning VIEV, Ukrainaning IEKVM va I.Mechnikov nomli Mikrobiologiya va immunologiya instituti, Qozog‘iston VITI, Tojikiston VITI institutlari bilan ilmiy hamkorlik qilmoqda.
Laboratoriya xodimlari tomonidan muntazam fan yangiliklari gazeta va jurnallar orqali keng jamoatchilikka tashviqot qilib borilmoqda. Respublikaning turli viloyatlarida veterinariya mutaxassislariga malaka oshirish seminarlari, treninglari o‘tkazishda ishtirok qilib kelinmoqda. Samarqand Davlat Veterinariya Meditsinasi Chorvachilik va Biotexnologiyalar Universiteti talabalariga, ishlab chiqarishdan kelgan veterinariya mutaxassislariga infeksion kasalliklar, Molekular diagnostika fanlari bo‘yicha ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazib borilmoqda.














