Sizlarni mamlakatimiz bo‘ylab katta shon-sharaf bilan nishonlanayotgan qutlug‘ ayyom — 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti rahbariyati va shaxsan o‘z nomimdan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Ushbu yilgi bayram institutimiz hayotida har qachongidan-da quvonchli va tarixiy voqeaga to‘g‘ri keldi. Joriy yilda Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilganligining 100 yillik shonli to‘yini — asrlik yubileyini g‘urur va iftixor bilan qarshilamoqdamiz. Bir asrlik tarix davomida yurtimizda veterinariya ilm-fanining poydevorini qurish, uning nufuzini yuksaltirish va sohaga yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda sizlarning xizmatlaringiz beqiyosdir.
Biz uchun har bir kuni chinakam ibrat maktabi bo‘lgan, institutimiz rivojiga 50-60 yillik umrini, fidokorona mehnat faoliyatini baxshida etgan tabarruk ustozlarimiz oldida alohida ta’zim qilamiz. Sizlarning yarim asrdan ziyod davr mobaynida ko‘rsatgan sabr-toqatingiz, ilmiy jasoratingiz va yosh avlodga ko‘rsatgan ma’naviy rahbarligingiz institutimizning eng katta boyligidir.
Alohida e’tirof etish joizki, institutimiz ilmiy xodimlari oliy ta’lim muassasalarida bevosita dars o‘tmasalar-da, o‘zlarining chuqur fundamental tadqiqotlari, yaratgan fundamental darsliklari, o‘quv qo‘llanmalari va ilmiy-uslubiy ishlari bilan bugun respublikamizdagi barcha sohaviy oliygohlar talabalariga g‘oyibona saboq berib kelmoqdalar. Siz ta’lim tizimining ichida bo‘lmay turib, uning mazmunini belgilab berayotgan haqiqiy ilm mayoqlarisiz!
Ushbu 100 yillik tarixiy yubiley va ulug‘ bayram kunida barchangizga uzoq umr, mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik va xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Ilmiy va ijodiy faoliyatingizdagi ulkan zafarlar, bitmas-tuganmas g‘ayrat va asrlarga tatigulik ilmiy shogirdlar kamoli sizni doimo quvontirib yursin.
Asrlik to‘yimiz va bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustozlar!
Hurmat bilan,
Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti direktori,
X.T.Yuldoshev


Fikr bildirish