Bugungi kunda aholini sifatli, xavfsiz va to‘yimli chorva mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash — global oziq-ovqat xavfsizligining eng ustuvor poydevorlaridan biri hisoblanadi. Zero, iste’mol bozorlarining barqarorligi va xalq salomatligi, birinchi navbatda, chorva mollari sog‘lig‘ini muhofaza qilish hamda «Sog‘lom hayvondan — xavfsiz va sifatli mahsulot» tamoyilini ishlab chiqarishga joriy etish bilan uzviy bog‘liqdir.
Ushbu strategik maqsad yo‘lida Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti olimlari hamda yosh tadqiqotchilari hududlarda tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Institutning Veterinariya sanitariyasi va urchitish patologiyasi hamda Toksikologiya va terapiya laboratoriyalarining tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi» hamda yosh olimlarning ilmiy dasturlari ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan va Farg‘ona viloyatlariga keng qamrovli ilmiy-amaliy ekspeditsiya tashkil etildi.
📌 Amaliy safar va monitoring qamrovi
Professor O.U. Kuldashev boshchiligidagi ilmiy guruh tarkibida tayanch doktorant B.S. Rashidov, mustaqil izlanuvchilar M.R. Maqsudov va A.I. Axmadovlar Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi yirik chorvachilik komplekslarida chuqur monitoring ishlarini olib borishdi.
Xususan, Namangan viloyati Norin tumanidagi “Norin Avstriya” va “Norin fayzli chorvasi” fermer xo‘jaliklarida hamda Farg‘ona viloyatidagi yetakchi chorvachilik majmualarida hayvonlarning veterinariya-sanitariya holati atroflicha o‘rganildi.
🔬 Laboratoriya ishlanmalari va innovatsion yechimlar
Mazkur ilmiy safar yosh olimlarning shaxsiy ilmiy dasturlari bilan uyg‘unlashgan holda, quyidagi muhim yo‘nalishlarni qamrab oldi:
- Yuqori texnologik diagnostika: Xo‘jaliklardagi ona botalar zamonaviy UTT (UZI) apparati yordamida qisir-bo‘g‘ozlikka tekshirildi va ularning reproduktiv salomatligi tahlil qilindi. Bu chorva mollarining urchish qobiliyatini to‘g‘ri baholash va naslchilik ishlarini samarali tashkil etish imkonini beradi.
- Mahalliy innovatsiya amaliyotda: Sut mahsuldorligi va sifatiga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi yilin kasalliklarini (mastit) erta bosqichda aniqlash uchun institut laboratoriyasida mahalliy olimlarimiz tomonidan o‘ylab topilgan va tayyorlangan “NeoMast Test” diagnostikumidan unumli foydalanildi. Ushbu test kasallikni yashirin davrida aniqlab, sut tarkibining buzilishi va iqtisodiy zararlarning oldini olishga xizmat qiladi.
💼 Differensial yondashuv va strategik ko‘mak
Monitoring yakunlari bo‘yicha har bir xo‘jalikdagi holat individual ravishda baholandi va turlicha yondashildi:
- Amaliy yordam: Kasallik alomatlari aniqlangan hayvonlar joyida samarali davolanib, fermerlarga bevosita amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
- Ilmiy maslahat: Kasallik xavfi bo‘lmagan yoki holati barqaror xo‘jaliklarga kelgusida profilaktika ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, yuqumli va yuqumsiz kasalliklarning oldini olish bo‘yicha eng so‘nggi ilmiy maslahat va tavsiyalar berildi.
Ilm-fan va ishlab chiqarishning bunday o‘zaro hamkorligi nafaqat chorvachilik subyektlarining iqtisodiy samaradorligini oshiradi, balki dasturxonlarimizga ekologik toza mahsulotlar yetkazib berilishini kafolatlab, yurtimiz oziq-ovqat xavfsizligini barqaror ta’minlashga ulkan hissa qo‘shadi.










Fikr bildirish