Samarqand viloyatining Toyloq tumanida joriy yilgi qishloq xo‘jaligi mavsumining yakunlari hamda fidoyi dehqon va chorvadorlar mehnatini ulug‘lash maqsadida muhtasham «Hosil bayrami» tantanalari bo‘lib o‘tdi. Viloyat va tuman miqyosidagi ushbu nufuzli tadbirda Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti (VITI) jamoasi ham o‘z ko‘rgazmalari bilan faol va munosib ishtirok etdi.
Bayram dasturi doirasida institutimiz uchun maxsus ajratilgan ko‘rgazma burchagi tashkil etildi. Ushbu burchakda VITI olimlari tomonidan uzoq yillik ilmiy izlanishlar mahsuli sifatida ishlab chiqarilgan samarali veterinariya preparatlari, zamonaviy vaksinalar hamda sohaga oid qimmatli ilmiy qo‘llanmalar keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Ayniqsa, chorvadorlar uchun mo‘ljallangan, chorva mollari mahsuldorligini oshirish va kasalliklarning oldini olishga qaratilgan maxsus tavsiyalar va uslubiy qo‘llanmalar yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Quvonarlisi, bayram sayli davomida Toyloq tumani hokimi B.Rahmatullayev shaxsan institutimiz ko‘rgazma burchagiga tashrif buyurdi. Tuman rahbari VITI olimlari tomonidan taqdim etilgan preparatlar va ilmiy ishlanmalar bilan yaqindan tanishib, ularning tumandagi chorvachilik va qishloq xo‘jaligi rivojidagi ahamiyatini yuqori baholadi hamda olimlarimiz faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbirning yuqori saviyada o‘tishi hamda institut ko‘rgazmasining mukammal tashkil etilishiga Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti direktori X.T.Yuldoshev shaxsan bosh-qosh bo‘lib, jamoaning tayyorgarlik jarayonlarini bevosita qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, bayram maydonidagi umumiy tayyorgarlik holati, ko‘rgazma burchagining estetik va mazmuniy jihatdan boyitilishi institutning Ishlab chiqarish bo‘yicha direktor o‘rinbosari K.E.Temirov tomonidan tizimli ravishda muvofiqlashtirildi. Mas’ullarning sa’y-harakatlari tufayli VITI jamoasi bayram tadbirini yuqori ko‘tarinki ruhda va namunali darajada qarshi oldi.
Ushbu «Hosil bayrami» tadbiri institut olimlari va ishlab chiqarish sohasi vakillari uchun o‘zaro tajriba almashish hamda chorvadorlar bilan bevosita muloqot o‘rnatish uchun qulay maydon vazifasini o‘tadi. VITI jamoasi bundan keyin ham yurtimiz chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lida ilmiy va amaliy hissa qo‘shishda va innovatsion yechimlarni taqdim etishda davom etadi.








Fikr bildirish