Joriy yilning 15-oktabr kuni Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutining katta majlislar zalida “Xalqaro qishloq xo‘jaligi ayollari kuni”ga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan institut direktori X.T.Yuldoshev ochib berdi. U o‘z nutqida mazkur xalqaro ayomning mazmun-mohiyatiga to‘xtalib, institutda faoliyat yuritayotgan barcha xodimalar aynan ushbu bayramga bevosita daxldor ekanliklarini alohida e’tirof etdi. Institut xotin-qizlari bugungi kunda veterinariya sohasida nafaqat amaliy faoliyat ko‘rsatmoqda, balki chuqur ilmiy izlanishlar va tadqiqotlar olib borib, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotganliklari faxr bilan qayd etildi.




Tadbir davomida institutning muhtaram ustozlari — O.A.Djurayev, M.A.Ruzimurodov, O.U.Kuldashev va Sh.K.Baliyevlar so‘zga chiqib, institut jamoasidagi olima ayollar va barcha xodimalarni qutladilar. Ustozlar o‘z chiqishlarida ayol zotining oiladagi g‘amxo‘rligi, jamiyat va jamoat ishlaridagi fidoiyligi, ishlab chiqarish hamda ilm-fan sohalarida erishayotgan yuksak yutuqlari va uzoq yillik samarali mehnat faoliyatini yuqori baholadilar. Ularning nutqlaridan o‘rin olgan go‘zal she’rlar va adabiy baytlar yig‘ilishga o‘zgacha ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.




Tadbir yakunida, mazkur bayramni yuqori saviyada tashkillashtirishda jonbozlik ko‘rsatgan institut Kasaba uyushmasi qo‘mitasi (KUQ) raisi I.Y.Sultanova so‘zga chiqdi. I.Y.Sultanova yig‘ilganlarni bayram bilan qutlar ekan, “Xalqaro qishloq xo‘jaligi ayollari kuni”ning kelib chiqish tarixi, uning xalqaro miqyosda nishonlanishi hamda xotin-qizlarning agrar soha va ilm-fandagi o‘rni to‘g‘risida ma’ruzalarda to‘xtalib o‘tdi.


Tantana so‘nggida institut rahbariyati hamda Kasaba uyushmasi hamkorligida institut hayoti va ilmiy faoliyatida alohida faollik ko‘rsatgan, yosh avlodga o‘rnak bo‘layotgan bir guruh faol xotin-qizlarga KUQ tomonidan ajratilgan tashakkurnomalar va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bayram dasturi doirasida namoyish etilgan badiiy va musiqiy chiqishlar barcha ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas lahzalarni hadya etdi.












Fikr bildirish